Badiiy gimnastika: Taxmina Ikromova Ispaniyada sovrindor bo‘ldi
Ispaniyada badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan Gran-pri seriyasidan o‘rin olgan turnirda o‘zbekistonlik sportchi shohsupaga ko‘tarildi.
Xalqaro turnirning yakkalik yo‘nalishidagi ko‘pkurash bellashuvlarida ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasining yetakchi a’zosi Taxmina Ikromova 112.70 ball jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
Mahoratli sportchimizning ushbu ko‘rsatkichi 20 nafar ishtirokchi orasida ikkinchi natijani qayd etishi va turnirning kumush medaliga ega chiqishini ta’minladi.
Xalqaro musobaqaning ushbu yo‘nalishida oltin medal 115.50 ball jamg‘argan ukrainalik Taisiya Onofriychukka nasib etgan bo‘lsa, bronza medalini 110.10 ballga ega chiqqan polshalik Liliana Levinski qo‘lga kiritdi.
E’tiborli jihati, ushbu sovrin Ikromova uchun o‘tgan yilgi jarohatdan keyin ilk musobaqada erishgan natijasi bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA