Kurash — mardlik va oriyat ramzi
FOTOREPORTAJ
Navro‘z ayyomi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Termiz tumanida milliy qadriyatlarimizga xos ko‘tarinki ruhda kurash musobaqasi bo‘lib o‘tdi. “Yangi O‘zbekiston” massivi amfiteatr maydonida tashkil etilgan mazkur bellashuv yurtimiz va qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan polvonlarni bir maydonga jamladi.
Turli hududlardan kelgan tajribali va nomdor sportchilar turli vazn toifalari bo‘yicha g‘oliblik uchun bel bog‘lab, tomoshabinlarga haqiqiy kurash ruhini namoyon etdilar. Milliy an’analar va sport madaniyati uyg‘unlashgan musobaqa tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bellashuvlarda qizlar 63 kilogramm, erkaklar esa 60, 73, 90 va mutlaq vazn toifalarida gilamga tushdi. Qizlar o‘rtasida 63 kilogramm vazn toifasida Shohista Nazirova birinchi o‘rinni egalladi.
Erkaklar o‘rtasidagi bahslar ham keskin va murosasiz tarzda kechdi. 60 kilogramm vaznda Bunyod Jabborov, 73 kilogramm toifada Jamshid Yo‘ldoshev, 90 kilogramm vaznda Abdulaziz Jo‘rayev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning eng qiziqarli qismi — mutlaq vazn toifasidagi bellashuvlar bo‘ldi. Unda Muhammadkarim Xurramov barcha raqiblarini mag‘lub etib, bosh sovrin — Prezident sovg‘asi sifatida avtomobilni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Jahongir Mamatraximovga, uchinchi o‘rinlar esa Abduzohid Husayinov va Bekmurod Oltiboyevga nasib etdi.
[gallery-28304]
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib ravishda taqdirlandi. Ushbu bellashuv nafaqat sport musobaqasi, balki milliy qadriyatlar, oriyat va mardlik an’analarining yana bir bor namoyon bo‘lishiga xizmat qildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA