Xomashyodan tayyor mahsulotgacha
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatidagi “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasteri qoshidagi “Shoyigul” fabrikasi qariyb 22 million AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobidan tashkil etilgan. Bu yerda paxta xomashyosidan ip-kalava va mato ishlab chiqarilmoqda.
Korxona 2024–2025-yillarda faoliyatini kengaytirish maqsadida 28 million AQSH dollari evaziga bo‘yash va tayyor kiyim-kechak tikish sexlarini ishga tushirdi. Natijada aralash tolali xom va bo‘yalgan gazlama hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur ishlab chiqarish ob’ekti 2024-yilda 3 million 550 ming AQSH dollari qiymatidagi mahsulotni eksport qilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida esa bu ko‘rsatkich 610 ming AQSH dollarini tashkil etdi.
Tayyor mahsulotlar asosan Italiya, Avstriya, Buyuk Britaniya va Germaniya kabi Yevropa mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
[gallery-28303]
Korxonada zamonaviy ishlab chiqarish dastgohlari yiliga 35 million metr xom va bo‘yalgan gazlama, ming tonna bo‘yalgan ip hamda 1 million dona tayyor kiyim ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shuningdek, Yaponiya va Italiyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar asosida matoga gul bosish hamda tayyor kiyimlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA