Mahalla fidoyilari taqdirlandi
Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan farmoniga ko‘ra, mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Jumladan, Samarqand viloyatidan Oqdaryo tumanidagi “Chorbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilfuza Bulokova “Do‘stlik” ordeni bilan, Ishtixon tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor, temirchi usta Sayitnazar Hayitov “Jasorat” medali, Paxtachi tumanidagi 4-oilaviy bolalar uyi rahbari “Sog‘lom turmush” medaliga sazovor bo‘ldi.
Samarqand viloyati hokimligida mukofotlarni o‘z egalariga topshirish marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimi A.Boboyev taqdirlangan yurtdoshlarimiz va mahalla tizimi xodimlarini bayram bilan tabrikladi.
– Bugun hayotimizni mahallasiz tasavvur eta olmaymiz, har bir ezgu ish, muhim loyiha va tadbirlar avvalo mahalladan boshlanadi, – dedi A.Boboyev. – Mahalla tinch, aholi hamjihat bo‘lsa, jamiyatimizda barqarorlik, taraqqiyot bardavom bo‘ladi. Shuning uchun ham bugun Prezidentimiz islohotlarni mahalladan boshlashga e’tibor qaratmoqdalar, boshqaruvning ushbu organi vakolatlari kengaytirilmoqda. Bu boradagi ishlar, ayniqsa, joriy – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida yanayam takomillashtiriladi. Viloyatimizda ham mahallalarni ishsizlik, kambag‘allik, jinoyatchilik va ajrimdan xoli qilish asosiy maqsadimiz bo‘ladi. Joriy yilda 1063 ta mahallaning 28 tasi “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi mahalla bo‘ladi, 320 mahallani kambag‘allikdan xoli qilamiz. Bu ishlarni siz fidoyi insonlar, mahalla yettiligi bilan birga amalga oshiramiz.
[gallery-28290]
Marosimda davlat mukofotlari hamda yana bir guruh fidoyilarga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni tantanali topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari