Yurtim Navro‘zi olam muborak bo‘lsin!
Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha hududlari singari Nukus tumanida ham bahorning eng go‘zal ayyomi – Navro‘z umumxalq bayrami ko‘tarinki ruhda, yuksak saviyada hamda milliy qadriyatlarimizga xos an’analar asosida keng nishonlanmoqda.
Asosiy bayram tantanasi sport maktabi maydonida “Navro‘zni ulug‘la, insonni ulug‘la!” shiori ostida tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi va boshqa so‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarni yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklab, bugungi kunda hududda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish hamda aholi turmush farovonligini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Bayram arafasida tuman hududida bir qator ijtimoiy-soha ob’ektlari, sport inshootlari foydalanishga topshirilishi aholiga haqiqiy tuhfa bo‘ldi. Jumladan, tumandagi “Dehqon arna” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 22-sonli umumta’lim maktabi qoshida foydalanishga topshirilgan yangi zamonaviy sport maydonchasi shular jumlasidan. 2025-yilning 2-mavsumida “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida mazkur sport maydonchasini qurish bo‘yicha taklifi yuqori ovoz to‘plab, ushbu loyiha g‘olib bo‘lgan edi. Bu yerda futbol, voleybol va workout sport maydonchalari bo‘lib, yoshlarning shug‘ullanishlari uchun barcha sharoit yaratilgan.

Bunday tashqari, tuman markazida aholi uchun muhim bo‘lgan yana bir infratuzilma loyihasi – oqova suvlarni chiqaruvchi zamonaviy nasos stansiyasi tantanali ravishda ishga tushirildi. Qiymati 1,5 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyiha “Ochiq byudjet” elektron tizimi orqali fuqarolar tomonidan faol ovoz berish natijasida g‘olib deb topildi. Qurilish hamda ta’mirlash ishlari “Kommunal rem stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tomonidan sifatli va belgilangan muddatda bajarildi.

Shuningdek, eski oqova suv chiqaruvchi nasos stansiyasi ham to‘liq qayta ta’mirlanib, uning o‘rniga 90 kub metr hajmga ega yangi va zamonaviy nasos stansiyasi barpo etildi. Ushbu qurilma zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan bo‘lib, uning samaradorligi va xizmat ko‘rsatish quvvati ancha yuqori hisoblanadi.
Mazkur ishlarning amalga oshirilishi natijasida tuman markaziy shifoxonasi, ushbu hududda joylashgan ko‘p qavatli uy-joylarda istiqomat qiluvchi 160 ta xonadon aholisi uchun ham katta qulaylik yaratildi. Endilikda oqova suv bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilib, aholining kundalik turmush sharoitlari yanada yaxshilanadi.

Bayram dasturi doirasida san’at ustalari hamda yosh iste’dod egalari tomonidan namoyish etilgan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, milliy kuy-qo‘shiqlar, milliy taomlar ko‘rgazmalari hamda turli sport musobaqalari tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar Nukus tumanining barcha hududlarida davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA