Ufuk Ulutash: Imom Buxoriy majmuasi musulmon olamining yirik ilmiy va ma’naviy markaziga aylanadi
Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuk Ulutash Imom Buxoriy majmuasi barpo etilishi yuzasidan fikr bildirib, ushbu loyiha boy tarixiy merosni tiklashi, yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berishiga urg‘u berdi.
Diplomat qayd etishicha, mazkur majmua butun islom olami uchun muhim ahamiyatga ega yirik bunyodkorlik tashabbusidir. Ushbu inshootning ta’siri mamlakat yoki mintaqa bilan cheklanib qolmay, keng miqyosda seziladigan ilmiy va ma’naviy markaz sifatida namoyon bo‘ladi.
Elchiga ko‘ra, Imom Buxoriy hazratlari barcha musulmonlar uchun mushtarak siymo bo‘lib, uning ilmiy merosi umuminsoniy qadriyat sifatida e’tirof etiladi. Shu bois, ushbu majmua turli mamlakat va xalqlarni umumiy ma’naviy ildiz atrofida birlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Ufuk Ulutash mazkur loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlab, xalqaro hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
D.Hakimov, O‘zA