O‘zbekistonda “aql markazlari” kimlar va ular nimaga kerak?
Ko‘pchilik davlatdagi boshqaruv qarorlari qanday qabul qilinishini o‘ylab ham ko‘rmaydi. Go‘yoki ular tayyor holda, bir zumda paydo bo‘ladigandek. Aslida esa har bir boshqaruv qarori ortida katta tahlil, hisob-kitob va puxta o‘ylangan prognozlar yotadi.
Ana shu “ko‘rinmas mehnat”ni amalga oshiradigan tizim — bu “aql markazlari”dir.
Dunyo amaliyotida bunday markazlar qariyb bir asr avval shakllangan bo‘lsa, O‘zbekistonda ular ayniqsa so‘nggi yillarda jadal rivojlanmoqda. Islohotlar chuqurlashgani sayin davlat boshqaruvida shunchaki tezkor qarorlar emas, balki asoslangan, hisoblangan va ehtimoliy xavflari oldindan baholangan boshqaruv qarorlari zarur bo‘lib bormoqda.
Aynan shu ehtiyoj “aql markazlari”ni davlat boshqaruvining eng muhim intellektual bo‘g‘inlaridan biriga aylantirmoqda.
2025-yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan reyting esa mamlakatda qaysi markazlar haqiqatan ham faol va ta’sirchan ekanini yaqqol namoyon qildi. E’tiborli jihati — bu yil kriminologiya, ya’ni jinoyatchilikni ilmiy asosda o‘rganish yo‘nalishi alohida ajralib chiqdi.
Jinoyatchilik ildizigacha yetayotgan “aql markazi”
Bugungi kunda Kriminologiya tadqiqot instituti oddiy “hisobot yozadigan tashkilot” emas. Institut bugungi kunda jinoyat oqibatlari bilan kurashishni emas, balki jinoyatchilikning asl omillarini aniqlash va o‘z vaqtida bartaraf etish orqali uning barvaqt oldini olishni ustuvor maqsadga aylantirgan.
Bu yerda yondashuv mutlaqo boshqacha: “Kim aybdor?” degan savol bilan cheklanilmaydi. Asosiy e’tibor “Nima uchun bu sodir bo‘ldi?”, “Unga qanday omillar turtki bo‘ldi?”, “Uni barvaqt qanday oldini olish mumkin?” degan masalalarga qaratiladi.
Bugun Institut tomonidan respublikadagi kriminogen vaziyat bo‘yicha chuqur va puxta ilmiy tadqiqotlar aynan shu yo‘nalishda olib borilayotgani ham katta ahamiyatga ega. Amalda ilk bor jinoyatchilikka doir jarayonlar shunchaki statistika yoki rasmiy raqamlar orqali emas, balki chuqur ilmiy tahlil, prognoz va omillar kesimida o‘rganila boshladi. Bu esa sohadagi boshqaruv qarorlarini yanada asosli, manzilli va samarali qilish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Ayniqsa, Ichki ishlar vazirligi tizimida yangi vazir tayinlanganidan keyin ilmga va tahlilga e’tibor kuchayib borayotgani ham bu jarayonga yangi sur’at berdi. Bu esa jinoyatchilikka qarshi kurashishda faqat amaliyot emas, balki ilm-fanga tayangan yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.
Bu yondashuv juda muhim. Chunki oddiy jazolash tizimi muammoni kamaytirmaydi, lekin sabablarni tushunish — uni ildizidan hal qilish imkonini beradi.
“Aql markazlari” aslida qanday ishlaydi?
Ko‘pchilik “aql markazlari”ni go‘yoki yuqoridan boshqariladigan yopiq tizim deb tasavvur qiladi. Aslida esa bu — turli sohalar mutaxassislaridan iborat, mustaqil fikrlaydigan ekspertlar jamoasidir.
Ularning ish uslubi oddiy, ammo juda tizimli:
– avvalo muammo aniqlanadi (masalan, inflyatsiya yoki jinoyatchilik),
– keyin ma’lumotlar yig‘iladi (statistika, tahlillar),
– so‘ng sabab va oqibatlar chuqur o‘rganiladi, sotsiologik so‘rovlar o‘tkaziladi;
– va nihoyat, bir emas, bir nechta ilmiy-amaliy yechim variantlari ishlab chiqiladi.
Eng muhim jihat — ular qaror qabul qilmaydi. Ular istiqbolli yo‘l ko‘rsatadi, asos beradi, tavsiya qiladi. Qaror esa baribir davlat boshqaruv organlari tomonidan qabul qilinadi.
Reyting nimani ko‘rsatadi?
Bu reyting shunchaki “kim ko‘p yozdi?” degan savolga javob emas.
Bu — qaysi markaz qanchalik ta’sir ko‘rsata oldi degan savolning javobidir.
Baholashda bir nechta muhim mezonlar hisobga olinadi:
– qancha tahliliy material tayyorlangani;
– ularni qancha foydalanuvchi o‘qigani;
– qanchalik iqtibos qilingani;
– va raqamli maydondagi faolligi.
Ya’ni masala faqat miqdorda emas. Eng muhimi — markaz jamiyat fikriga va boshqaruv qarorlariga qanchalik ta’sir o‘tkaza olganidir.
Yetakchilar va yangi tendensiya
Reytingga e’tibor berilsa, an’anaviy kuchli “aql markazlari” o‘z pozitsiyalarini saqlab qolgani ko‘rinadi. Bu — tizimda barqarorlik va shakllangan ekspertlik maktablari mavjudligini anglatadi.
Masalan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hanuz iqtisodiy tahlillar bo‘yicha asosiy “fikr fabrikasi” sifatida yetakchilikni qo‘ldan boy bermayapti. “Yuksalish” harakati esa jamoatchilik bilan ishlashda — so‘rovlar, ochiq muloqot va fikr almashuv platformalari orqali ajralib turibdi. U jamiyat kayfiyatini “o‘lchaydigan barometr”ga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi esa murakkab davlat dasturlarini keng jamoatchilikka sodda va tushunarli tarzda yetkazib berish orqali o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarmoqda.
Ammo bu yilgi reytingning eng muhim signali — boshqacha. Endilikda faqat iqtisodiy yoki institutsional tahlillar emas, balki xavfsizlik, jamiyat va inson omiliga oid tadqiqotlar keskin kuchaygani ko‘zga tashlanmoqda.
Bu esa bir narsani anglatadi: bugungi boshqaruv qarorlarida raqamlardan ko‘ra inson omili, ijtimoiy muhit va xavfsizlik masalalari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ularning foydasi nimada sezildi?
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, so‘nggi yillarda “aql markazlari”ning real samarasi amalda yaqqol sezila boshladi:
– boshqaruv qarorlari tobora asosli va dalilli bo‘lyapti,
– islohotlar oldindan puxta hisob-kitob asosida amalga oshirilyapti,
– jamoatchilik fikriga e’tibor kuchaymoqda,
– va eng muhimi — muammolar kech emas, balki oldindan aniqlanmoqda.
Ayniqsa, kriminologiya yo‘nalishida “jinoyat sodir bo‘ldi — jazolaymiz” modelidan “jinoyat bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?” modeliga o‘tilyapti. Bu esa jinoyatchilikka qarshi kurashishda mutlaqo yangi bosqich — profilaktika va ilmiy tahlilga tayangan yondashuvni anglatadi. Bu borada O‘zbekiston yana bir bor o‘zini huquqiy davlat sifatida xalqaro maydonda namoyon etmoqda.
Ayniqsa, Ichki ishlar vazirligi tizimida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti faoliyat boshlaganiga endigina 1,5 yildan oshganiga qaramasdan, mamlakatning TOP-20 “aql markazlari” qatoriga kiritilgani bu yo‘ldagi islohotlar samarasining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, endilikda O‘zbekistonda yangi bosqich boshlanyapti. Ya’ni, 2025-yil natijalari shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda “aql markazlari” endi shunchaki ilmiy tashkilot emas — ular real ta’sir kuchiga ega tizimga aylanmoqda. Ya’ni, ular ko‘proq yozmoqda, ko‘proq o‘qilmoqda va eng muhimi — qarorlar sifatini oshirmoqda.
Va, eng muhim o‘zgarish shuki, endi faqat iqtisodiyot emas, balki inson, jamiyat va xavfsizlik ham chuqur tahlil qilinmoqda.
Bu esa bitta narsani, kelajak qarorlari tasodifiy emas, hisoblangan bo‘lishini anglatadi.
M. Eshmirzayeva, O‘zA