Buxorodagi 106 ta masjidda hayit namozi o‘qildi
Buxoro viloyatida ham Prezidentimizning 2026-yil 18-martdagi “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida qutlug‘ hayit bayrami ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda.
Yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar qatorida buxoroliklar ham erta tongdan viloyatdagi 106 ta jome masjidda hayit namozini ado etishdi. Ushbu ibodatlarda 170 mingdan ortiq namozxon ishtirok etdi.

Namozxonlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Masjidlar va ularning atrof-muhiti obodonlashtirilib, tartibga keltirildi.
Xalqimiz uchun ezgulik, saxovat va ruhiy poklanish ramzi bo‘lgan ushbu muborak kunlarda buxorolik ulamolar, imom-xatiblar, muhtaram faxriylar, mahalla oqsoqollari va faollari tomonidan yurt tinchligi, xalq farovonligi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida samimiy duolar qilindi.

Hayit bayrami arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda tashabbuskor homiylar tomonidan kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylariga amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Shuningdek, “Muruvvat” uylarida ham xayriya tadbirlari tashkil etildi.
Shu bilan birga, muqaddas qadamjolar va qabristonlarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, ular tartibga keltirildi.
Muborak Ramazon hayiti xalqimizning birdamligi, mehr-oqibati va ezgu qadriyatlarini yana bir bor namoyon etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.