Sirdaryoda ham mehr va shukronalik bayrami — Hayit keng nishonlandi
Islom dini insoniyatni bag‘rikenglik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat ruhida yashashga chorlaydi. Muqaddas manbalarda “tinchlik-omonlik, do‘stlik va ahillikka intilib yashash — chin mo‘minga xos fazilat” deb ta’kidlangani bu g‘oyalarning hayotiy ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bu yilgi Ramazon hayiti fasllar almashinuvi va tabiatning uyg‘onishi bilan uyg‘unlashib, yurtimizdagi Navro‘z bayrami bilan hamohang keldi.
Sirdaryo viloyatida ham Ramazon hayiti yuksak ma’naviy kayfiyatda nishonlandi. Ertalabdan masjidlar sari yo‘l olgan yurtdoshlar yuzida tinchlik, osoyishtalik va yurt ravnaqiga ishonch tuyg‘ulari yaqqol sezildi. Viloyat bo‘ylab 77 ta jome masjidida hayit namozi ado etildi va unda qariyb 90 minga yaqin namozxon ishtirok etdi. Imom-xatiblar o‘z ma’ruzalarida Ramazon hayitining mazmun-mohiyati, inson qalbini poklash, bag‘rikenglik va hamjihatlikni mustahkamlash borasida atroflicha so‘z yuritishdi.
[gallery-28258]
Ayyom munosabati bilan davlat va jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar “Mehribonlik” va “Muruvvat” uylarida, shuningdek, ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar va nogiron shaxslarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Mahallalar, jamoat va xayriya tashkilotlari tomonidan keng ko‘lamli iftorlik va ehson tadbirlari ham tashkil etildi.
Xulosa qilib aytganda, Ramazon hayiti Sirdaryo viloyatida nafaqat diniy bayram, balki insonparvarlik, bag‘rikenglik va birdamlikni ulug‘lovchi umumxalq sayliga aylandi. Mehr va shukronalik ayyomi jamiyatdagi eng oliyjanob fazilatlarni namoyon qilib, Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjanov (surat), O‘zA