Yurtimizdagi 2090 ta jome masjidida Ramazon hayiti namozi o‘qildi
FOTOREPORTAJ
Bugun yurtimizda Ramazon hayiti namozi ko‘tarinki kayfiyat, yuksak shukronalik va birdamlik ruhida ado etildi. Respublika bo‘ylab jami 2090 ta jome masjidida minglab mo‘min-musulmonlar ibodat amallarini bajardi.
Erta tongdan masjidlar atrofida bayramona muhit hukm surdi. Namozxonlar milliy qadriyatlarimizga xos tartib va hurmat bilan masjidlarga jam bo‘lib, hayit namozini ado etdi. Ibodat jarayonlari barcha hududlarda ko‘tarinkilik va osoyishtalik bilan o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotiga ko‘ra, hayit namozini munosib tashkil etish maqsadida masjidlarda barcha zarur sharoitlar yaratildi. Xususan, masjidlar hududi obodonlashtirildi, qo‘shimcha joylar tayyorlandi, ovoz kuchaytirgich vositalari o‘rnatildi, sanitariya-gigiyena talablariga e’tibor qaratildi.
Hayit namozidan so‘ng, o‘qilgan xutbalarda yurtimizda hukmron tinchlik-osoyishtalik ne’matiga shukronalik bildirish, ahillik va hamjihatlikni mustahkamlash kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, muhtoj va ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish, saxovat va xayriya ishlarini kengaytirish kabi ezgu amallarning ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlash joiz, jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichki ishlar, sog‘liqni saqlash va boshqa tegishli idoralar bilan hamkorlikda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yo‘l harakati tartibga solinib, tez tibbiy yordam xizmatlari tayyor holatga keltirildi.
Ayniqsa, nuroniylar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida qulayliklar yaratilgani e’tiborga loyiq. Bu bayramning insonparvarlik va g‘amxo‘rlik ruhini namoyon etdi.
Ramazon hayiti ezgulik, bag‘rikenglik va saxovat ramzi sifatida xalqimiz qalbida shukronalik, birdamlik va ezgulikka intilish tuyg‘ularini yanada mustahkamlashi bilan ayniqsa, aziz va mukarramdir.
Quyida mamlakatimizning shahar va tumanlaridagi jome masjidlarida o‘qilgan Hayit namozi jarayonidan tayyorlangan fotoreportajni e’tiboringizga havola etamiz:
1. Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi “Minor” jome masjidida.
[gallery-28249]
2. Andijon shahridagi “Hazrati Bilol” jome masjidida.
[gallery-28250]
3. Buxoro shahridagi “Masjidi Baland” jome masjidida.
[gallery-28251]
4. Jizzax shahridagi “Qo‘shchinor” jome masjidida.
[gallery-28252]
5. Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Qosim Shayx” jome masjidida.
[gallery-28253]
6. Namangan shahridagi “Yusufxon o‘g‘li Qosimxon” jome masjidida.
[gallery-28254]
7. Samarqand viloyatida kuni kecha davlatimiz rahbari ishtirokida rasmiy ochilish marosimi o‘tkazilgan Imom Buxoriy majmuasidagi ko‘rkam masjidda.
[gallery-28256]
8. Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Hakim Termiziy” jome masjidida.
[gallery-28257]
9. Sirdaryo viloyatidagi “Guliston” jome masjidida.
[gallery-28258]
10. Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahridagi “Jome” masjidida.
[gallery-28259]
11. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi “Ko‘kgumbaz” jome masjidida.
[gallery-28260]
12. Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi “Islom” jome masjidida.
[gallery-28261]
13. Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “Shahid bobo” jome masjidida.
[gallery-28262]
14. Qoraqalpog‘iston Respublikasida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida.
[gallery-28263]
15. Poytaxtimizdagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidida.
[gallery-28264]
Kamola Yusupova, O‘zA suratlari