Ramazon hayiti namozi yangi masjidda o‘qildi
Samarqand viloyati ahli va yurtimizning turli hududlaridan, xorijdan kelgan mehmonlar bugun muborak Ramazon hayiti namozini kuni kecha davlatimiz rahbari ishtirokida rasmiy ochilish marosimi o‘tkazilgan Imom Buxoriy majmuasidagi ko‘rkam masjidda ado etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev mo‘min-musulmonlari muborak Ramazon hayiti bilan tabrikladi. Bu yilgi Ramazon oyi yurtimizda o‘zgacha shukuh bilan o‘tgani, mehr-muruvvat va hamjihatlik g‘oyalari ustuvor bo‘lgani, o‘tkazilgan saxovat tadbirlari xalqimiz o‘rtasidagi birdamlikni yanada mustahkamlagani ta’kidlandi. Yurtimizga ravnaq, xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik so‘rab duolar qilindi.
– Hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan ulug‘ muhaddisning islom olamidagi mavqei va nufuziga mos tarzda bunyod etilgan mazkur muazzam obida barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi Shayx Nuriddin Xoliqnazar. – Majmua Ramazon hayitiga nafaqat xalqimiz, balki butun musulmon ummati uchun katta sovg‘a bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bu joy shunchaki ziyoratgoh bo‘lib qolmay, ilm-ma’rifat, ma’naviyat maskani sifatida xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning bilim va dunyoqarashini boyitish, tafakkurini kengaytirishga xizmat qiladi.
[gallery-28256]
Majmuani qayta qurish jarayonida uning hududi ancha kengayib, umumiy maydoni 45 gektardan oshdi. 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvonlar qurildi. Eng ilg‘or axborot texnologiyalari asosida noyob innovatsion muzey tashkil etildi. Qadamjodagi 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora unga ulug‘vor qiyofa bag‘ishlab turibdi. Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Hayit namozidan so‘ng yurtdoshlarimiz va mehmonlar yangilangan majmuani ziyorat qildilar.
Ramazon hayiti munosabati bilan viloyat bo‘ylab turli xayriya tadbirlari, ehsonlar va bayramona uchrashuvlar o‘tkazilmoqda va bu tadbirlar Navro‘z umumxalq bayrami shodiyonalariga ulanib ketmoqda.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari