Eron bo‘yicha AQSH razvedkasining xulosasi (+video)
Eron bo‘yicha AQSH razvedkasi bergan so‘nggi xulosalar Donald Tramp uchun ancha noxush bo‘ldi, deb xabar berdi TRT kanali.
AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron hukumati urushdan keyin zaiflashgan bo‘lsa-da, hali ham o‘z yaxlitligini saqlab qolgan. AQSH Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbardning ta’kidlashicha, 28-fevralda boshlangan urushdan keyin Eron rejimi jiddiy zarba olgan. Shu bilan birga, u Eron va uning ittifoqchilari hali ham AQSH va uning sheriklariga qarshi hujumlarni davom ettirayotganini aytdi. Agar Eronda rejim saqlanib qolsa, u kelgusi yillarda raketa va dron kuchlarini qayta tiklashga harakat qiladi.
Bu masala AQSH Senatida ham ko‘tarildi. Qonun chiqaruvchi demokratlar va ayrim respublikachilar hukumatdan ko‘proq ma’lumot talab qilishdi. Ular amalga oshirilayotgan havo hujumlari minglab odamlarning halok bo‘lishiga, millionlab insonlar hayoti izdan chiqishiga va jahon energiya bozorlariga ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlashdi. Demokratlar, Kongressni yetarli darajada xabardor qilmagani uchun Tramp ma’muriyatini tanqid qildi.
Shuningdek, yana bir muhim voqea yuz berdi. Terrorizmga qarshi kurash milliy markazi rahbari Jo Kent lavozimidan iste’fo berdi. U Donald Tramp ma’muriyatida urush sababli ketgan birinchi yuqori lavozimli amaldor bo‘ldi. Kent o‘z bayonotida Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi. Uning fikricha, Eron AQSH uchun bevosita tahdid emas edi va urush Isroil bosimi ostida boshlangan. Bu fikrni Oq uy rad etdi.
Razvedka xulosalari Eronning yadroviy dasturi haqida ham savollarni ochiq qoldirmoqda. Ilgari ayrim mansabdorlar Eron yadroviy qurol yaratishga yaqin qolganini aytgan edi. Ammo Tulsi Gabbardning so‘zlariga ko‘ra, iyun oyidagi hujumlar natijasida uran boyitish dasturi yo‘q qilingan va uni qayta tiklash harakatlari kuzatilmagan.
Manbalarga ko‘ra, agarda Eronga hujum qilinsa, bu javob zarbalariga olib kelishi mumkinligi haqida Tramp oldindan ogohlantirilgan. Jumladan, Fors ko‘rfazi hududidagi AQSH ittifoqchilariga hujumlar bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Bundan tashqari, razvedka Tehron Hurmuz bo‘g‘ozini yopishga harakat qilishi mumkinligini ham oldindan ma’lum qilgan.
Umuman olganda, Donald Tramp AQSH razvedkasi bergan ma’lumotlarga tayanmasdan siyosat yuritayotgani ma’lum bo‘lib qolyapti. Eron zaiflashgan bo‘lsa-da, hali ham faol va xavfli kuch bo‘lib qolmoqda. Bu esa urush yaqin orada tugamasligi mumkinligini anglatadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HjIvYea9UQw" title="Eron bo`yicha AQSh razvedkasining xulosasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA