Yevropa ittifoqi fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 45 milliard yevro ajratmoqda
Bugungi kunda dunyo iqtisodiyotida kuzatilayotgan o‘zgarishlar, global bozordagi beqarorlik va iqlim bilan bog‘liq xavf-xatarlar qishloq xo‘jaligi sohasiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sharoitda fermerlarni qo‘llab-quvvatlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb masalaga aylanmoqda.
Yevrokomissiya qishloq xo‘jaligi sohasini qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirish maqsadida agrar sektorga ajratiladigan ayrim moliyaviy resurslardan oldindan foydalanish mexanizmini joriy etishni taklif qildi.
Mazkur tashabbusga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar kelgusi byudjet davrida rejalashtirilgan mablag‘larning bir qismini oldinroq safarbar etish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Taklif qilinayotgan moliyaviy paketning umumiy hajmi 45 milliard yevrogacha yetishi kutilmoqda.
Yevrokomissiya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu chora Yevropa fermerlari duch kelayotgan iqtisodiy bosimni kamaytirish, qishloq hududlarida ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash hamda agrar sektorni bozor tebranishlari va global xatarlar ta’siriga nisbatan yanada barqaror qilishga qaratilgan.
Shuningdek, ajratilishi rejalashtirilayotgan mablag‘lar, avvalo, qishloq hududlarini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga yo‘naltiriladi.
Mazkur ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA