Faxriy jurnalistlarga ehtirom ko‘rsatildi
Yoshi ulug‘ insonlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi sanaladi. Qutlug‘ ayyom shukuhi kezib yurgan shu kunlarda bu boradagi qadriyatlar tobora kengroq quloch yozmoqda.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 6-martdagi “2026-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirga jurnalistika sohasining faxriylari, turli yillarda televideniye, radio, matbuot nashrlarida va axborot siyosati yo‘nalishida faoliyat yuritgan ustozlar, pedagoglar taklif etildi. Ustoz jurnalistlar Ramazon hayiti va Navro‘z ayyomi munosabati bilan qutlandi ham ularga iftorlik dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov tadbirni ochib, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining oqilona siyosati natijasida “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ulug‘vor tamoyil hayotimizdan chuqur o‘rin egallayotganini, O‘zbekistonda ijodkorlar qadr topayotganini va jurnalistika sohasi yangi davrni boshdan kechirayotganini ta’kidladi.

Soha faxriylarining bu galgi uchrashuvi o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi. Tadbir doirasida O‘zbekiston jurnalistikasining bugungi dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashildi. Ommaviy axborot vositalari jamiyat va davlat o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajarib, ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik nazoratini ta’minlashda muhim institut sifatida tobora rivojlanib borayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekiston faxriylarining “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, O‘zbekiston xalq artisti Galina Melnikova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do‘stmuhammad, faxriy jurnalistlar To‘lqin Qozoqboyev, Nasiba Ibrohimova, “Ishonch” gazetasi bosh muharriri, senator Husan Ermatov O‘zbekistonda bugun ijod uchun, so‘z erkinligi va ommavi yaxborot vositalari rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratilganini, jurnalistika sohasida tub o‘zgarishlar yuz berayotganini e’tirof etdilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish va jurnalistika sohasida olib borilayotgan islohotlar jarayonida Uyushmaning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha fikr-mulohazalar ham bildirildi. Xususan, “Ustoz-shogird” an’analarini davom ettirish, jurnalistlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh jurnalistlarning yangi avlodini tarbiyalash, xalqaro hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi.
Umuman olganda, bayram tadbiri faxriylarni qadrlash va ularga ehtirom ko‘rsatishga, jurnalistika sohasi vakillarining hamjihatligini ta’minlashga hissa bo‘lib qo‘shildi.
N.Usmonova, O‘zA