IIV: Ramazon hayiti, Navro‘z ayyomida xavfsizlik ta’minlanadi (+video)
Ertaga, 20-mart kuni mamlakatimizda mehr-oqibat va hamjihatlik timsoli bo‘lgan muqaddas Ramazon hayiti, 21-mart kuni yangilanish va yasharish bayrami bo‘lgan Navro‘z ayyomi tantanali ravishda nishonlanadi.
Ushbu yirik va muhim tadbirlarda aholi xavfsizligi qanday ta’minlanadi? Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova shu haqda ma’lumot berdi:
– Respublika bo‘ylab 2 mingdan ortiq masjidda Ramazon hayiti namozlari o‘qiladi. Unda minglab fuqarolarimiz va yurtimiz mehmonlari ishtiroki kutilmoqda.
Navro‘z bayrami munosabati bilan esa yurtimiz bo‘ylab 200 dan ortiq maydonda xalq sayllari, madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etiladi.
Jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu tadbirlarga 20 mingdan ortiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari jalb etiladi.
15-martdan boshlab Ichki ishlar vazirligining markaziy apparati hamda hududiy bo‘linmalari qoshida jamoat xavfsizligini muvofiqlashtirish maqsadida idoralararo tezkor shtablar tashkil etildi va ular tun-kun faoliyat olib bormoqda.
Mazkur shtablar tomonidan tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda, yo‘l-patrul xizmati postlarida, shuningdek, asosiy masjidlar va bayram maydonlari atrofida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun 2,5 mingdan ortiq YHXX xodimi jalb etilgan.
Transport vositalarini tartibli joylashtirish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida mavjud mingdan ortiq avtoturargohdan tashqari, 150 metr masofada qo‘shimcha avtoturargohlar tashkil etiladi.
Mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda ayrim hududlarda transport harakatini vaqtincha cheklash choralari ko‘rilmoqda. Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylar atrofida beton yoki metall to‘siqlar o‘rnatiladi.
Bayram kunlari ko‘plab fuqarolarimiz Toshkent viloyatining Bo‘stonliq va Parkent tumanlari, Jizzax viloyatining Zomin tumani, shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani kabi tog‘li hududlarga tashrif buyurishi kutilmoqda. Ushbu hududlarda ham yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha kuch va vositalar jalb etiladi.
Bayram tadbirlari davrida elektr, gaz va suv ta’minoti xizmatlari, shuningdek, obodonlashtirish va boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan tun-kun navbatchilik yo‘lga qo‘yilib, ular har qanday favqulodda holatlarga tayyor turadi.
Yo‘l-patrul xizmati postlari, blok-post va to‘siq punktlari, aeroportlar va temir yo‘l vokzallari, shuningdek, “Toshkent metropoliteni” ob’ektlari kuchaytirilgan tartibda faoliyat olib boradi.
Respublika bo‘ylab 9 mingdan ortiq musulmon qabristonlari hududlarida, shuningdek, 200 dan ortiq bozor va savdo majmualari atrofida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qariyb ming nafar YHXX xodimi jalb etiladi. Qo‘shimcha ravishda jamoat tartibini ta’minlash uchun ichki ishlar organlari xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilaridan iborat patrul guruhlari shakllantiriladi.
Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda yo‘qolgan bolalar uchun maxsus xonalar tashkil etilib, ularda inspektor-psixologlar faoliyat yuritadi.
Shubhasiz, bunday keng ko‘lamli bayramlarda eng muhim masala – tinchlik, osoyishtalik va xavfsizlikni ta’minlash. Shu munosabat bilan mas’ul tashkilotlar tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6Whu0aLK7rM" title="IIV: Ramazon hayiti, Navro`z ayyomida xavfsizlik ta’minlanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Abduraimova, Yo.Meliboyev (video), O‘zA