Ramazon oyida muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar jamiyatda keng va ijobiy aks-sado bermoqda
Ramazon oyida o‘zgalarga yordam berish shunchaki ijtimoiy majburiyat sifatida emas, balki qalblarni poklash, mehr-muruvvat ko‘rsatish va jamiyat hayotida ishtirok etish usuli sifatida idrok etiladi.
Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» degan ezgu g‘oya asosida kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish, yer, suv, havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obod etish, Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o‘tkazishga alohida e’tibor berish ta’kidlangan.
Xayriya faoliyati va muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashdagi ishtirokini fuqarolarning idrok etishini o‘rganish, shuningdek, aholining kundalik hayoti va ijtimoiy munosabatlariga Ramazon oyining ta’sirini baholash maqsadida «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqot natijalari respondentlarning aksariyatiga xayr-saxovat ishlarida faollik xosligini ko‘rsatdi.
Olingan ma’lumotlar muhtojlarga yordam ko‘rsatishning eng keng tarqalgan shakllari reytingini tuzish imkonini berdi. Qo‘llab-quvvatlashning eng ommabop universal usuli sifatida pul xayriya qilish yetakchi o‘rinni egalladi (67,1 foiz).
Ikkinchi o‘rinda oziq-ovqat mahsulotlari berish (46,6 foiz), undan keyin kiyim-kechak va boshqa buyumlarni xayriya qilish (20,5 foiz) turadi.
Har o‘ninchi respondent volontyorlik faoliyatida shaxsan ishtirok etadi. Fuqarolarning bir qismi davolanish yoki o‘qish uchun to‘lovlarni amalga oshirishda yordam beradi.
Muhtojlarga yordam ko‘rsatish kanallarini aniqlashga qaratilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, yordamning ustun shakli shaxsiy qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi – 81,9 foiz respondentlar qarindoshlari, qo‘shnilari, tanishlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam beradi. So‘ralganlarning bir qismi masjid, mahalla, xayriya jamg‘armalari, shuningdek, ishda yoki o‘quv muassasasidagi jamoaviy aksiyalar va loyihalar orqali yordam ko‘rsatadi.
Xayriya yordamini ko‘rsatish sabablari to‘g‘risidagi savolga javobda respondentlar, birinchi navbatda, o‘zgalar oldidagi burch hissini, shuningdek, mehr-muruvvat tuyg‘usi, boshqalarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zganing dardiga darmon bo‘lish istagini qayd etdi.
So‘ralganlarning bir qismi o‘zining xayriya ishlaridagi faolligini shaxsiy hayotiy tajribasi va boshdan kechirgan qiyinchiliklari kabi hamdardlik sabablari bilan bog‘ladi, bunda, ayniqsa, ijtimoiy mas’uliyatning axloqiy burch sifatida anglanishi muhimdir.
Olingan ma’lumotlar xayriya yordamini berish bo‘yicha eng afzal kanallarning tilga olinish darajasi kamayishi tartibidagi reytingini tuzish imkonini berdi. Yetakchi o‘rinni vositachilarsiz, shaxsan yordam berishga intilish egalladi, bu qo‘llab-quvvatlashning bevosita shakllari va shaxslararo aloqalarga bo‘lgan ishonch darajasining yuqoriligi haqidagi tadqiqot farazini tasdiqladi.
Aksariyat so‘ralganlarning fikriga ko‘ra, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashning eng samarali shakli birinchi navbatdagi ehtiyojlarni manzilli va tezkor qondirish imkonini beruvchi pul yordami hisoblanadi.
Shuningdek, respondentlar oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va birlamchi zarur narsalar bilan yordam berish maqsadga muvofiq, deb hisobladi.
Tadqiqot ishtirokchilari, shuningdek, qo‘llab-quvvatlashning yanada barqaror shakllari muhimligini ta’kidladi: bular - ish bilan ta’minlash yoki ishga joylashishda yordam berish, ustozlik qilish, maslahat berish va mustaqil hayotga moslashishda yordamlashish kabi ijtimoiy jihat bilan birga moddiy qo‘llab-quvvatlash orqali kompleks yordam ko‘rsatish, shaxsiy va kasbiy rivojlanishda yangi imkoniyatlar ochadigan o‘qish va kasbga ega bo‘lish, qiyinchiliklarni yengishga yordam beradigan ruhiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.
O‘tkazilgan tadqiqot, respondentlarning fikriga ko‘ra, birinchi navbatda xayriya yordami ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan fuqarolarning ustuvor guruhlarini aniqlash imkonini berdi. So‘rov ishtirokchilari yetim bolalar va notinch oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashni muhim deb hisoblaydi, shuningdek, davolanishga muhtoj bo‘lgan og‘ir bemorlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar alohida e’tibor talab qilishiga fuqarolarning ishonchi komil.
Respondentlarning bir qismi kam ta’minlangan oilalar, shuningdek, yolg‘iz onalar va og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashni afzal ko‘rdi – buni juda zaif va jiddiy hayotiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganlarga yordam berish zarurligi bilan izohladi. Shuningdek, so‘ralganlar o‘zgalar parvarishisiz qolgan keksalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlab, bunday yordam ularga himoyalanganlik hissini ta’minlashi va avlodlar o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashga yordam berishini qayd etdi.
Tadqiqot davomida respondentlarning muqaddas Ramazon oyiga munosabati aniqlandi. Natijalar fuqarolar Ramazonni, eng avvalo, barcha musulmonlar uchun farz bo‘lgan muhim diniy oy sifatida idrok etishini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, uni muqaddas ibodatlar va ma’naviy poklanish oyi sifatida qabul qiluvchilar soni sezilarli darajada oshdi. Bu esa Ramazonni idrok etishda urg‘uning diniy talablarni rasman bajarishdan ushbu oyni ongli ravishda ma’naviy his qilish tomon siljiganidan dalolat beradi.
Ayni vaqtda respondentlar Ramazon – bu o‘zini o‘zi tarbiyalash va rivojlantirish vaqti, xayriya va muhtojlarga yordam berishni kuchaytirish davri, deb ko‘rsatdi.
Jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalari Ramazon oyi har doimgidek ma’naviy yuksalish, axloqiy poklanish va mehr-muruvvat qadriyatlarini mustahkamlash davri bo‘lib qolayotganidan ishonchli tarzda dalolat bermoqda. Ushbu muqaddas oyda kishilarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, o‘zaro yordam va xayriya ishlarida ishtirok etish jamiyat tomonidan kundalik hayotning ajralmas va muhim qismi sifatida idrok etilmoqda. Xayriya ishlaridagi faollik aholining katta qismini qamrab olib, ayni paytda shaxsiy qo‘llab-quvvatlashning asosiy shakllari – qarindoshlar, yaqinlar va ularning oilalariga yordam berish, shuningdek, an’anaviy va diniy muassasalar orqali qilinadigan xayr-saxovat ishlarida ishtirok etish ustunlik qilmoqda.
Shunisi e’tiborga loyiqki, Prezidentimizning Ramazon oyida muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari jamiyatda keng va ijobiy aks-sado bermoqda. Aholi mamlakatda yuritilayotgan ijtimoiy siyosatga yuqori darajadagi ishonchini namoyon etib, uning insonparvarlik yo‘nalishini hamda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash va aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashda davlatning roli g‘oyat muhim ekanligini ta’kidlamoqda.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA