Senator mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash qanday yo‘lga qo‘yilganini o‘rgandi
Davlatimiz rahbarining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida profilaktik chora-tadbirlar tizimini kuchaytirish belgilangan.
Shu asosda mahallalarda xavfsiz va barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirish, jinoyatchilikning oldini olish, shuningdek, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va maishiy korrupsiya holatlariga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlar amaliy ijrosiga e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent shahar Yashnobod tumanida o‘rganish ishlarini olib bordi.

O‘rganish jarayonida mahalla fuqarolar yig‘ini, ichki ishlar organlari, profilaktika inspektorlari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik darajasi, profilaktik ishlar samaradorligi, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi ham tahlil qilindi.
Hududda joriy etilayotgan zamonaviy axborot texnologiyalari, jumladan, videokuzatuv tizimlari va raqamli nazorat mexanizmlarining joriy etilgani ko‘zdan kechirildi.
Ishchi guruh tumandagi “Aviasozlar dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini ham atroflicha ko‘zdan kechirib, bozor infratuzilmasini raqamlashtirish, savdo jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, naqd pul aylanmasini qisqartirish hamda soliq tushumlarini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar tahlil qilindi.

Elektron to‘lov tizimlarini keng joriy etish, savdo joylarini raqamli hisobga olish, tadbirkorlar faoliyatini onlayn monitoring qilish orqali yashirin iqtisodiyotga qarshi samarali mexanizmlar yaratish ishlari o‘rganildi.
Shu bilan birga, tumanda aholi bandligini ta’minlash va fuqarolarning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga qaratilgan amaliy ishlarga ham e’tibor qaratildi.
Respublika kasbiy ko‘nikmalar markazi hududida ishsiz aholini ish bilan ta’minlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda tumandagi 25 yirik korxona va tashkilotlar 650 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

Tadbirga 9 tijorat banki jalb qilinib, aholiga tadbirkorlikni rivojlantirish va o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlari bo‘yicha tushuntirishlar berildi. 150 dan ziyod ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rildi. Tijorat banklari bilan hamkorlikda 5 nafar fuqaroga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida umumiy qiymati 73 million so‘mlik imtiyozli kredit olish uchun arizalar rasmiylashtirildi.
O‘rganishlar yakunida aholi bandligini ta’minlash, korrupsiyaviy omillarni qisqartirish hamda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA