Sho‘rchida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida “Payshanba-yoshlar kuni” doirasida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi.
Ochiq muloqotda tuman hokimi Akbarali Ishmurzoyev, tuman prokurori Jumanazar Xursanov, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Akmal Nazarov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Akmal Rahimov ishtirok etdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ularni har taraflama rag‘batlantirish, ijtimoiy himoya qilish, yoshlar tadbirkorligi va iqtidorli, iste’dodli o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida so‘z yuritildi. Uyushmagan, ishsiz yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, ularning biznes ko‘nikmalarini shakllantirish, imtiyozli kreditlar ajratish yuzasidan tumanda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Yoshlarning sifatli ta’lim olishi, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Taklif va g‘oyalari tinglanib, duch kelayotgan muammolari muhokama etildi.
Ochiq muloqot yakunida bir guruh yigit-qizlarning tadbirkorlik va hunarmandchilikka qiziqishi qo‘llab-quvvatlanib, ularning bandligini ta’minlash uchun zamonaviy jihozlar topshirildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri