Ukraina Yaqin Sharqqa 200 dan ortiq harbiy mutaxassis yubordi (+video)
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari Ali Larijoniy o‘limi uchun qonli qasos olinishini ogohlantirar ekan, Slovakiya xorijlik haydovchilar uchun dizel narxini oshirish bilan ichki bozorini himoya qilmoqda. Ukraina Yaqin Sharqqa 200 dan ortiq harbiy mutaxassis yuborib, Shahed dronlariga qarshi tayyorgarlik ko‘rmoqda, Nigeriyada esa Mayduguri shahrida qator portlashlar 23 kishining hayotini olib ketdi.
Germaniyada bundesver safiga qo‘shilish istagida bo‘lganlar soni oshib, Kubada esa prezident Dias-Kanel AQSH tahdidiga qaramay qat’iy qarshilikka tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, Janubiy Koreyada Samsung ishchilari bonus masalasidagi kelishmovchilik tufayli ish tashlash rejasini tasdiqlab, global yarimo‘tkazgich ta’minotida muammolar yuzaga kelishi xavfini oshirmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mMWNDBRFnIc" title="Ukraina Yaqin Sharqqa 200 dan ortiq harbiymutaxassis yubordi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Eron Ali Larijoniyning o‘limi uchun qonli qasos olishidan ogohlantirdi
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroil havo zarbalari oqibatida Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Ali Larijoniy halok bo‘lganini tasdiqlab, bu hujum javobsiz qolmasligini bildirdi. Hujum natijasida Larijoniy bilan birga uning o‘g‘li Murtazo hamda qo‘riqlash xizmati rahbari Alirizo Bayat ham halok bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Pardik tumanidagi qizining uyida oila a’zolari va yaqinlari bilan birga bo‘lgan paytda zarbaga uchragan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi rasmiy bayonotida “qonli qasos” olinishi alohida ta’kidlandi. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham ushbu voqeaga munosabat bildirib, Larijoniy o‘limi javobsiz qolmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Eron shahidlari qonini to‘kkanlarga qattiq javob beriladi”.
Slovakiya energetika inqirozi fonida xorijliklar uchun dizel narxini oshiradi
Slovakiya hukumati yonilg‘i shoxobchalarida xorijlik haydovchilar uchun dizel narxini oshirish yoki sotuv hajmini cheklash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda bosh vazir Robert Fitso ma’lum qildi. Bunday choralar orqali rasmiylar mamlakat ichki bozorini “yonilg‘i turizmi”dan himoya qilishni maqsad qilgan. Ma’lum qilinishicha, arzon narxlar tufayli ayniqsa Polsha haydovchilari ommaviy ravishda Slovakiyaga kirib, yonilg‘i sotib olmoqda, ayrim hollarda esa yonilg‘i shoxobchalarida zaxiralar tugab qolgan. Hukumat narxlarni qo‘shni Polshaga nisbatan raqobatbardosh, ammo Avstriyadan arzon darajada ushlab turishni rejalashtirmoqda.
Ukraina Yaqin Sharqqa 200 dan ortiq harbiy mutaxassis yubordi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yaqin Sharq mamlakatlarida 201 nafar ukrainalik harbiy mutaxassis faoliyat yuritayotganini, yana 34 nafari yuborilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu mutaxassislar Rossiya tomonidan qo‘llanilayotgan Shahed turidagi dronlarga qarshi kurashish tajribasiga ega. Qayd etilishicha, ular allaqachon BAA, Qatar va Saudiya Arabistoniga yetib borgan, shuningdek, Quvaytga yo‘l olgan. Bu qaror Ukraina hamkorlari, jumladan AQSH so‘rovi asosida qabul qilingan. Zelenskiy bu orqali Eronning mintaqadagi ta’siriga qarshi turish maqsad qilinganini ta’kidlab, Rossiya va Eron hamkorligini xavf sifatida baholadi. U ittifoqchilarni Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida Ukrainani e’tibordan chetda qoldirmaslikka chaqirdi.
Nigeriyada bomba portlashi oqibatida 23 kishi halok bo‘ldi
Nigeriyaning Mayduguri shahrida sodir etilgan qator portlashlar oqibatida kamida 23 kishi halok bo‘ldi, yana 100 dan ortiq kishi jarohat oldi. Hujumlar Borno shtati markazida yuz bergan bo‘lib, portlashlar shaharning gavjum nuqtalarida — Monday market bozori, universitet o‘quv shifoxonasi darvozasi va pochta bo‘limi yaqinida sodir etilgan. Dastlabki tergovga ko‘ra, hujumlar terrorchilar tomonidan amalga oshirilgan. Hozircha hech bir guruh ushbu teraktlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan, biroq rasmiylar hodisada ISHIDga aloqador kuchlar qo‘li borligini taxmin qilmoqda. Voqea joylari qurshab olingan, xavfsizlik kuchlari hududni to‘liq tekshirmoqda va vaziyat nazorat ostiga olingani bildirilgan. Mayduguri shahri so‘nggi yillarda nisbatan tinch bo‘lib kelayotganiga qaramay, u hali ham Boko Haram va ISHIDning G‘arbiy Afrika bo‘linmasi faol hududlardan biri hisoblanadi.
Germaniyada bundesverda xizmat qilishni istovchilar soni ortib bormoqda
Germaniyada bundesver safiga qo‘shilish istagida bo‘lganlar soni sezilarli darajada oshmoqda. Fevral oyi oxiriga kelib, 16 100 nafar fuqaro harbiy xizmatga kirish uchun ariza topshirgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, xizmatga qabul qilinganlar soni ham 14 foizga oshib, 5300 nafarga yetgan. Ayniqsa, qisqa muddatli va ixtiyoriy harbiy xizmat turlariga qiziqish kuchaygani kuzatilmoqda. Germaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda bundesver safida 186 200 nafar harbiy xizmat qilmoqda va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan oshgan. Yangi qonunga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan fuqarolar harbiy xizmatga yaroqliligini aniqlash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishga chaqiriladi.
Kuba prezidenti agressorga qarshilik ko‘rsatishga tayyorligini e’lon qildi
Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel AQSH prezidenti Donald Trampning «Kubani qo‘lga kiritish» haqidagi bayonotlariga javoban, mamlakat har qanday tashqi agressiyaga “qat’iy qarshilik” ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, eng og‘ir ssenariy yuz bergan taqdirda ham Kuba o‘z suverenitetini himoya qilishdan voz kechmaydi. Bu bayonot mamlakatda iqtisodiy va energetik bosim kuchayib borayotgan bir paytda yangradi. Shu bilan birga, AQSH tomonidan neft blokadasi davom etayotgani Kubadagi inqirozni chuqurlashtirmoqda. Yaqinda mamlakatda ommaviy elektr uzilishi yuz berib, qariyb 10 million aholi elektr ta’minotisiz qoldi, keyinchalik ta’minot qisman tiklandi. Kuba hukumati ayrim iqtisodiy masalalar bo‘yicha AQSH bilan muloqotga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, rasmiylar siyosiy tizim va davlat suvereniteti muzokara mavzusi bo‘lmasligini qat’iy ta’kidlamoqda.
Samsungning Janubiy Koreyadagi uyushgan ishchilari ish tashlash rejasini ma’qulladi
Janubiy Koreyada Samsung kompaniyasi ishchilari oylik bonuslar bo‘yicha kelishmovchilik natijasida ish tashlash rejasini tasdiqladi. Uyushma ma’lumotiga ko‘ra, 66 019 ovoz bergan xodimning 93 foizi ish tashlashni qo‘llab-quvvatlagan. Agar ish beruvchi bilan kelishuvga erishilmasa, ishchilar 21-maydan boshlab 18 kunlik ish tashlashni rejalashtirmoqda, shuningdek ish tashlash oldidan ya’ni 23-aprel kuni namoyishlar o‘tkaziladi. Uyushma Samsung rahbariyatiga «kuchli ogohlantirish» sifatida qaraydi va bonuslar cheklovini olib tashlashni talab qilmoqda. Kompaniya esa buning investitsiyalar va aksiyadorlar foydasiga ta’sir qilishi mumkinligini bildirgan. Ish tashlash global yarimo‘tkazgich ta’minotida muammolarni kuchaytirishi mumkin, chunki sun’iy intellekt va boshqa texnologiya sohalarida talab yuqori bo‘lib, avtomobil, kompyuter va smartfon ishlab chiqarishga ta’sir etadi.
Nozimbek Mardonov, Oybek Davronov, Salim Obidjonov O‘zA