Xavfli nuqtalar: Isroil (+video)
Osiyo g‘arbida, O‘rta dengiz sohilida joylashgan, maydoni taxminan 22 000 kvadrat kilometrni tashkil etadigan Isroil davlati bugun dunyo diqqat markazida. 10 millionga yaqin odam istiqomat qiladigan, poytaxti Quddus (Jerusalem) bo‘lgan ushbu mamlakat shimolda Livan, shimoli-sharqda Suriya, sharqda Iordaniya va janubi-g‘arbda Misr bilan chegaradosh. Shuningdek, Falastinning G‘azo sektori va G‘arbiy Sohil bilan ham bevosita tutashgan.
So‘nggi yillarda Isroil bir vaqtning o‘zida bir necha harbiy mojaro markazida qoldi: eng yirik nizo G‘azo bilan bog‘liq. 2023-yil oktabridagi fojiali voqealardan so‘ng boshlangan keng ko‘lamli harbiy amaliyot natijasida har ikki tomonda mislsiz talafotlar kuzatildi. Xususan, 2023-2025-yillar oralig‘ida yuzlab isroillik askar halok bo‘ldi. O‘tgan yil 151 nafar harbiy vafot etgan. Ularning aksari bevosita jangovar harakat qurboniga aylandi. Afsuski,ayanchli vaziyat faqat G‘azo bilan cheklanib qolmayapti: o‘lkaga shimoldan Livanning “Hizbulloh” harakati tomonidan muntazam raketa va dron hujumi uyushtirilmoqda. Bunga javoban Isroil armiyasi berayotgan zarbalar mintaqadagi taranglikni yanada kuchaytirmoqda. Natijada har ikki davlat begunoh aholisi xavfsiz hududlarga ko‘chmoqda.
Mintaqadagi vaziyatni chigallashtirayotgan yana bir muhim omil Isroil va Eron o‘rtasidagi bevosita qarama-qarshilikdir. Raketa hujumlari xavfi shu darajaga yetdiki, hatto AQSH kabi davlatlar o‘z fuqarolarini hududdan olib chiqishga majbur bo‘ldi. Deyarli har kuni Tel-Aviv, Beyt-Shemesh kabi yirik shaharlarda oddiy odamlar jabrlanmoqda. Bunday vaziyat jamiyatda kuchli xavotir va bosimni yuzaga keltirmoqda. Urush nafaqat insonlar hayoti, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham jiddiy zarba bermoqda: favqulodda cheklov, maktablar yopilishi va zaxiradagi harbiylar safarbar etilishi ortidan Isroil iqtisodiyoti haftasiga qariyb 3 milliard dollar zarar ko‘rmoqda.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: Isroil bunday ulkan harbiy xarajat va qurol-aslaha ta’minotini qanday moliyalashtirmoqda? Mamlakat mudofaa salohiyati uch asosiy manbaga tayanadi. Birinchidan, bu ichki iqtisodiyot – yuqori texnologiya, kiber mudofaa va aero fazoviy eksportdan tushadigan daromad. Ikkinchi va eng muhim manba – xalqaro yordam: iqtisodchilar fikricha, AQSH yiliga Isroil uchun taxminan 3,8 milliard dollar ajratadi. Uchinchidan, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi strategik hamkorlar bilan harbiy texnika savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Shu yo‘l bilan Isroil o‘z mudofaa salohiyatini mustahkamlab, mintaqadagi harbiy ustunligini saqlab qolishga urinmoqda.
Xullas G‘azo, Livan va Eron yo‘nalishidagi doimiy mojarolar bu hududni nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlik uchun ham eng xavfli nuqtalardan biriga aylantirdi. Vaziyat qachon barqarorlashishi, mintaqada uzoq kutilgan tinchlik qachon o‘rnatilishi hozircha noma’lum. Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WFQvjqixw4g" title="Global ochlik kuchayadimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva, Iskandar Ismatov (video), O‘zA