Abbos Arag‘chiy: Eron Hurmuz bo‘g‘ozini blokada qilishni davom ettiradi
Euronews kanali Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiyning fikrlarini e’lon qildi. Vazir Rossiya va Xitoyni Eronning strategik hamkorlari deb atadi va ular bilan hamkorlik siyosiy, iqtisodiy hamda harbiy sohalarni qamrab olishini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, Tehronga bunday hujumlar takrorlanmasligi bo‘yicha kafolat va tovon to‘lanmaguncha AQSH va Isroil bilan urush tugamaydi.
“Biz bu holatni o‘tgan yili ham boshdan kechirdik. O‘shanda Isroil hujum qildi va unga AQSH ham qo‘shildi, keyinchalik ular yana qayta bizga hujum qilishdi”, — degan u intervyusida.
U shuningdek, Eron Rossiya va Xitoydan harbiy yordam olayotganini ham ma’lum qildi. Shu bilan birga, Tehron Hurmuz bo‘g‘ozini blokada qilishni davom ettirishini ta’kidladi, ammo bu haqdagi tafsilotlarni ochiqlamadi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi AQSHga tegishli harbiy bazalar Eronga qarshi hujumlar uchun ishlatilayotganini tasdiqlovchi ko‘plab dalillar bor. Uning aytishicha, Eronda sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va elektron kuzatuv ma’lumotlari mavjud bo‘lib, ular mintaqadagi AQSH bazalari Eronga qarshi hujumlarda qo‘llanilganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Tehron mintaqadagi hamkor davlatlar bilan birgalikda komissiya tuzib, qaysi ob’ektlar haqiqatan ham AQSHga tegishli ekanini aniqlashga tayyorligini bildirgan.
Shuningdek, Arag‘chiy AQSH va Isroil arab davlatlari tomon raketa uchirish orqali Eron bilan arab mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yomonlashtirishga urinayotganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, amerikaliklar Eronning Shahed droniga o‘xshash uchuvchisiz apparatni ham ishlab chiqqan.
Birlashgan Arab Amirliklari Arag‘chiyning bayonotlarini qoraladi. Amirliklar o‘zlariga qarshi qaratilgan terrorchilik tajovuziga nisbatan o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekani, biroq mamlakat vazminlik va mantiqni ustuvor deb bilib, Eron va butun mintaqa uchun yechim topishga intilayotgani ta’kidlandi.
Euronews telekanaliga bergan intervyusida BAA davlat vaziri Lana Nusseybe urush boshlanganidan beri Eron raketalari va dronlarining asosiy zarbasi aynan Amirliklarga tushganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, 14 kun davom etgan og‘ir vaziyatga qaramasdan, mamlakatda barqarorlik saqlanib qoldi va hayot deyarli odatiy holatga qaytdi.
Arag‘chiy shuningdek, Eronning neft ob’ektlari yoki energetika infratuzilmasiga zarba berilsa, mintaqadagi amerikalik kompaniyalarga tegishli yoki ular ulushiga ega bo‘lgan har qanday energetika ob’ektlariga javob zarbasi beriladi.
Kecha AQSH prezidenti Donald Tramp amerikalik harbiylar Xark orolidagi barcha harbiy nishonlarga zarba berganini ma’lum qildi. Bu orol Fors ko‘rfazining shimolida joylashgan bo‘lib, Eronning neft eksporti uchun strategik markaz hisoblanadi. Shu bilan birga, Arag‘chiy AQSH mudofaa vaziri Pit Xegsetning Eronning yangi oliy rahbari Isroil va AQSH zarbalarida yaralangani haqidagi bayonotini rad etdi. Arag‘chiyning aytishicha, yangi oliy rahbar bilan hech qanday muammo yo‘q va vaziyat to‘liq nazorat ostida.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/siICxGaP2jg?si=jP-LkR7SyIEGu1xt" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA