WTA reytingida tennischi qizlarimizning ko‘rsatkichi qanday?
Xalqaro ayol tennischilar assotsiatsiyasi (WTA) e’lon qilgan yangilangan reytingda mamlakatimiz professional tennischilarining ko‘pchiligi o‘z natijalarini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekistonning birinchi raqamli ayol tennischisi Kamilla Rahimova ko‘rsatkichini 6 pog‘onaga yuksaltirib, TOP-100likda 82-qatorni band etdi.
O‘zbekistonning uchinchi raqamli raketkasi hisoblangan Mariya Timofeyeva natijasini olti pog‘onaga yaxshiladi. Polina Kudermetova 6 o‘ringa pastlashi tufayli Timofeyeva O‘zbekistonning ikkinchi raketkasi maqomiga ko‘tarilib oldi.
Terma jamoamiz a’zosi Milana Maslenkova eng katta yuksalishga erishdi. U 107 pog‘onaga ko‘tarildi. Litvadan mahalliylashtirilgan Layma Vladson reytingda pastlagan ikki tennischimizdan biri bo‘ldi. U 8 o‘rin quyiga tushdi. Qolgan barcha tennischilarimiz o‘z o‘rinlarini birmuncha yaxshiladi. Vlada Yakshibarova 2, Sevil Yuldasheva 4, Nigina Abduraimova 15, Diana Yakovleva 9 o‘ringa ko‘tarildi.
Dunyo tennischilarining kuchli o‘ntaligida ham bir nechta o‘zgarish yuz berdi. Indian-Uells turnirida finalgacha yetib borgan qozog‘istonlik Yelena Ribakina bir pog‘onaga yuqorilab, dunyoning ikkinchi raketkasiga aylandi. Finalda Ribakinani mag‘lub etgan belaruslik Arina Sobolenko WTA reytingida peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, polshalik Iga Svyontek 3-o‘rinda qayd etildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA