Qonun ijodkorligi – davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishning institutsional mexanizmi
Qonun ijodkorligi – faqat normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish amaliyoti emas, balki davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishning institutsional mexanizmi hisoblanadi.
Prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi Farangiz Eshturdiyeva shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi:
– Keyingi yillarda O‘zbekistonda qonun ijodkorligi sohasida tub islohotlar amalga oshirildi. 2023-yilda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakat huquqiy tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi.
Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish tamoyili mustahkamlandi. Inson huquq va erkinliklari himoyasi davlat faoliyatining ustuvor mezoni sifatida belgilandi. Davlat organlari vakolatlari aniqlashtirildi va o‘zaro muvozanat mexanizmlari kuchaytirildi.
2018-yil 8-avgustdagi Prezident farmoni bilan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu hujjat qonun ijodkorligi sohasidagi tizimli o‘zgarishlarning konseptual asosini yaratdi. Konsepsiya doirasida norma ijodkorligi faoliyatiga zamonaviy, ilmiy asoslangan yondashuv joriy etildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilishga ustuvor ahamiyat berildi. Qonun loyihalarini keng jamoatchilik va ekspertlar ishtirokida muhokama qilish tizimi shakllantirildi. Qonunlarning xalqaro shartnomalar va reytinglar talablariga mosligini tahlil qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlarining mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Amalda qonun loyihasi birinchi o‘qishda tashabbuskor tomonidan himoya qilinishi amaliyoti joriy etildi. Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishgacha chaqirib olish mexanizmi ishlab chiqildi. Moliyaviy-iqtisodiy asoslarni puxta tayyorlash majburiyati kuchaytirildi. Tushuntirish xatida qonunning maqsadi va kutilayotgan natijalarni aniq ko‘rsatish talabi belgilandi.

Bu o‘zgarishlar qonun loyihasi parlamentga kiritilishidan oldin uning huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari tahlil qilinadigan tizim yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Qonun ijodkorligi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri – qonunosti hujjatlariga ortiqcha bog‘liqlikni kamaytirish. Ilgari ko‘plab qonunlar havolaki normalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi ijro hokimiyati qarorlariga bog‘liq bo‘lgan.
Keyingi yillarda havolaki normalarni qisqartirish, qonunning o‘zida amal qilish mexanizmini belgilash, qonunosti hujjatlar sonini muntazam kamaytirish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda.
Zamonaviy qonun ijodkorligi dalillarga asoslangan boshqaruv modeliga tayanishi lozim. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda tartibga solish ta’sirini baholash (TSTB) instituti bosqichma-bosqich joriy etildi.
TSTB doirasida qonun loyihasining iqtisodiy va ijtimoiy ta’siri tahlil qilinadi. Tadbirkorlik sub’ektlariga yuklanadigan regulyator yuk baholanadi. Loyihaning muqobil variantlari ko‘rib chiqiladi. Manfaatdor tomonlar fikri o‘rganiladi.
2024-yil uchun qonun ijodkorligi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha parlament dasturida qonunlarning amaldagi ta’sirini baholash amaliyotini takomillashtirish vazifasi belgilangan. Bu choralar qonun qabul qilish jarayonida natijalarni oldindan hisoblash amaliyotini takomillashtirmoqda.
regulation.gov.uz portali orqali normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish, manfaatdor shaxslar takliflarini qabul qilish, muhokama natijalarini e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Oliy Majlis faoliyatida “Ochiq parlament” tamoyilini amalga oshirishga qaratilgan tashkiliy choralar ko‘rilmoqda. Qonun loyihalari bo‘yicha qo‘mita eshituvlari, ekspert muhokamalari va ochiq yig‘ilishlar amaliyoti kengaymoqda.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishishning yagona elektron tizimi joriy etildi. Elektron hujjat aylanishi kengaytirilayotgani, loyihalarni onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgani bunga keng yo‘l ochdi.
Qonun ijodkorligining samaradorligi uning qabul qilinishi bilan emas, balki amaldagi natijasi bilan baholanadi. Bu borada qonun ijrosi bo‘yicha parlament eshituvlari amaliyoti kengaytirildi. Davlat organlarining hisobotlari muntazam eshitilmoqda. Parlament tadqiqotlari institutining ilmiy-tahliliy ishtirokini kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Qonun ijodkorligi sohasida amalga oshirilayotgan institutsional islohotlar doirasida norma ijodkorligi siyosatini yanada takomillashtirish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan Prezident farmonida “O‘zbekiston - 2030” strategiyasining maqsad va samaradorlik ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, strategik rejalashtirish hujjatlari bilan bir qatorda sohaviy konsepsiyalar va strategik hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifa norma ijodkorligi sohasida ham konseptual yondashuvlarni qayta baholashni taqozo etadi. Chunki 2018-yilda qabul qilingan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi ushbu sohada tizimli islohotlarni boshlab bergan bo‘lsa-da, zamonaviy davlat boshqaruvi, raqamli transformatsiya va “aqlli tartibga solish” tamoyillarining keng joriy etilishi mazkur konseptual asoslarni yangi bosqichda qayta ko‘rib chiqish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, norma ijodkorligi siyosatini strategik rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlashtirish, qonun ijodkorligi jarayoniga ilmiy tahlil, raqamli texnologiyalar va dalillarga asoslangan boshqaruv mexanizmlarini yanada chuqur joriy etishga e’tibor qaratilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA