Ota-onaning roli muhokama qilindi
Guliston shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalarning ota-onalarida farzandlariga nisbatan ijobiy psixologik yondashuvni shakllantirish, har bir bolaning imkoniyat va qadr-qimmatini to‘liq anglash hamda inklyuziv ta’lim jarayonida oila va ta’lim muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlikni mustahkamlash maqsadida “Inklyuziv ta’limda ota-onaning roli” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-treningda boshqarmaning Inklyuziv ta’limni rivojlantirish va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalar faoliyatini takomillashtirish shu’basi mutaxassislari hamda "Inson" markazi psixologlari, nogironligi bo‘lgan farzand tarbiyalayotgan ota-onalar ishtirok etishdi.

Tadbir mobaynida ota-onalarga farzandning ichki dunyosini tushunish, uning his-tuyg‘ulariga e’tibor bilan yondashish va qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratishning bola rivojlanishidagi ahamiyati batafsil tushuntirildi. Shuningdek, har bir bolaning o‘z qobiliyati va salohiyatini rivojlantirishda ota-onaning ishonchi, sabr-toqati va faol ishtiroki alohida ta’kidlandi.

Ishtirokchilar ochiq muloqotlar, fikr almashish va interaktiv mashg‘ulotlar orqali nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalarga aylantirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu tadbir ota-onalarning inklyuziv ta’limdagi roli va mas’uliyatini chuqurroq anglashga, bolalar uchun mehrga boy va qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratishga xizmat qildi.

Seminar davomida ishtirokchilar bir qator muhim mavzularni muhokama qildi. Ular orasida “Har bir bola bebaho. Inklyuziv ta’limga birinchi qadam”, “Men va farzandim. Ota-onaning inklyuziv ta’limdagi roli” va “Birga uddalaymiz. Ta’lim muassasasi va ota-onalar hamkorligi” kabi mavzular alohida e’tiborga olindi.

Shu jarayonda ota-onalarga amaliy psixologik tavsiyalar taqdim etildi. Bu tavsiyalar ularga farzandlari uchun samimiy va samarali qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratish, shuningdek, inklyuziv ta’lim jarayonida faol ishtirok etish imkonini berdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri