Yangi davr oliy diplomatiyasi
Har bir davlat tashqi siyosatini amalga oshirishda diplomatik aloqalarni mustahkamlash, xalqaro munosabatlarni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikka alohida ahamiyat qaratadi.
Oliy darajadagi rasmiy tashriflar nafaqat ishonchni mustahkamlaydi, balki sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ham belgilaydi. O‘zA ushbu rukn orqali oliy darajadagi muloqotlar, ularda ko‘tarilgan masalalar va imzolangan hujjatlar bo‘yicha hafta davomidagi tafsilotlarni taqdim etadi.
Qatar amiri Tamim bin Hamad al-Tani Misr tashqi ishlar vaziri Badr Abdul Attini qabul qildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu diplomatik muloqotda asosan arab davlatlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, mintaqaviy va milliy xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuvda Badr Abdul Atti mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va birgalikdagi harakatlarni tezlashtirish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, Qatar suvereniteti va milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi har qanday harakatlar qoralandi va bunday harakatlarga hech qanday asos yo‘qligi alohida ta’kidlandi.
AQSH moliya vaziri Skott Bessent va Xitoy bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen Parijda savdo masalalari bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuv Oq uy rahbari Donald Trampning XXRga rejalashtirilgan tashrifi oldidan tayyorgarlik sifatida tashkil etilgan.
Tomonlar AQSH tariflari, Xitoyning noyob yer minerallari, yuqori texnologiyali mahsulotlar eksportini nazorat qilish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport-importi masalalarini muhokama qilishdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron Parijda uchrashuv o‘tkazdi.
Xabarlarga ko‘ra, ushbu muloqot Ukrainadagi nizo va Yevropa xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik masalalarida kelishuvga erishish maqsadida tashkil etilgan.
Shuningdek, tomonlar Ukrainaga harbiy, moliyaviy va gumanitar yordamni davom ettirish va RFga nisbatan sanksiyalar va bosimni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratishdi.
Makron Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari xavfsizligi Ukrainadagi vaziyat bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, barqaror tinchlikka erishish uchun xalqaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA