Nufuzli davlat stipendiyalari sohiblari taqdirlandi
Yurtimizda yoshlarning bilim olishi, ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanishi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ana shunday e’tibor va rag‘bat natijasida iqtidorli talabalar davlat stipendiyalari bilan taqdirlanmoqda.
2025/2026-o‘quv yili uchun bakalavriat bosqichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi hamda nomli davlat stipendiyalari sohiblariga raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov tomonidan guvohnoma va sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir davomida vazir g‘oliblarning o‘qish va ilmiy-ijodiy faoliyatdagi yuqori natijalarini alohida e’tirof etib, bu yutuqlar izchil mehnat va qat’iyat samarasi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar ta’limi va iste’dodini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor bunday natijalarga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Shu kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi stipendiyasi g‘olibi bo‘lgan 44 nafar talaba va o‘quvchi ham taqdirlandi. Mazkur stipendiyalar yoshlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, AKT sohasidagi iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA