Standartlarga javob bermaydigan futbol to‘plari savdodan chiqarildi
Xorazm viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida sifatsiz sport anjomlarining sotilishi bilan bog‘liq jiddiy qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan Urganch shahridagi savdo shoxobchalarida amalga oshirilgan nazorat xaridi natijasida Xitoyda ishlab chiqarilgan “JOMA” brendi ostidagi futbol to‘plari amaldagi davlat standartlariga mutlaqo javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Laboratoriya sinovlari ushbu mahsulotlarning “Tikilgan to‘plar. Umumiy texnikaviy shartlar” bo‘yicha belgilangan talablarga nomuvofiqligini ko‘rsatdi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, to‘plarning nafaqat texnikaviy xususiyatlari, balki ularning tashqi ko‘rinishi va markirovkalanishi ham qonunchilikka zid ravishda tayyorlangan.
Xususan, mahsulot yorlig‘ida ishlab chiqaruvchi korxona nomi, to‘pning vazni va ishlab chiqarilgan sanasi kabi muhim ma’lumotlar ko‘rsatilmagan.
Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonunining 22-moddasi talablarini qo‘pol ravishda buzish deb baholandi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilib, savdo do‘koniga ushbu turdagi mahsulotlarni zudlik bilan savdodan chiqarib olish bo‘yicha rasmiy taqdimnoma kiritildi.
Endilikda standartga nomuvofiq bo‘lgan ushbu futbol to‘plarining mamlakat hududida sotilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hamroz Bayonov, O‘zA