Sohibqironning so‘nggi manzili
FOTOREPORTAJ
Amir Temur maqbarasi – Samarqandning eng qadimiy va sayyohlar oqimi yuqori bo‘lgan tarixiy yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Bu aziz maskanda buyuk sarkarda, sohibqiron Amir Temur mangu qo‘nim topgan.
Maqbara qurilishi Amir Temur tomonidan 1404-yili boshlangan bo‘lib, Sohibqironning nabirasi Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida yakunlangan.
Maqbara Samarqandning janubiy-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, XIV asr oxirida Amir Temurning nabirasi Muhammad Sulton tomonidan qurilgan madrasa yonida tiklangan. 1403-yilda Kichik Osiyoga bo‘lgan harbiy yurishda to‘satdan kasallikdan vafot etgan shahzodaning jasadi Samarqandga olib kelingan va madrasaning janub tomonidagi dahmaga dafn qilingan. So‘ng Amir Temur shahzodaga maqbara qurish haqida farmon beradi va dahma ustiga sakkiz qirrali bino barpo etiladi.
Amir Temur vafotidan so‘ng Shohruh Mirzo Hirotni poytaxt qilib, o‘g‘li Mirzo Ulug‘bekni Samarqandga hokim etib tayinlaydi. Mirzo Ulug‘bek bobosiga hurmat yuzasidan ushbu sakkiz qirralik maqbarani temuriylar dafn qilinadigan maskanga aylantiradi.
Maqbara bitgach, Amir Temurning ma’naviy ustozi Mirsayid Barakaning qabri ham bu yerga ko‘chirilib, Sohibqironning bosh tomoniga dafn etiladi. Shuningdek, maqbaraga Shayx Sayyid Umar, Mironshoh Mirzo, Shohruh Mirzo, Mirzo Ulug‘bek va uning go‘dakligida vafot etgan ikki farzandi – Abdulla va Abdurahmonlar ham dafn qilingan.
[gallery-28159]
Amir Temur va temuriylar mangu qo‘nim topgan maqbara doimo ziyoratchilar bilan gavjum. Shu bois, O‘zbekiston madaniyati tarixi muzeyida saqlanayotgan temuriylarga oid bir qator eksponatlar ham maqbaraga joylashtirilgan.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA