Janubda umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan o‘tdi (+video)
Hashar qadimdan elimizni ulug‘ ishlar atrofida birlashtirib, ularning mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlagan. Qalblarga quvonch, tevarak-atrofga obodlik ulashib, to‘yu-shodiyonalarni saranjom uy, sarishtali ko‘cha va ozoda mahallada nishonlashga undagan.
Mamlakatimizda muborak Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami arafasida boshlangan umumxalq xayriya hashari xalqimizning ana shunday ezgu fazilatlarini keng namoyon etmoqda.
“Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida tashkil etilgan hasharning ilk kuni Surxondaryo viloyatida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Ramazon hayiti va sharqona yasharish, yangilanish ayyomi – Navro‘z bayramiga peshvoz chiqayotgan voha ahlini o‘z mahallasini obod qilishdek ulug‘ maqsad yo‘lida birlashtirdi. Viloyatdagi 723 mahalladan hasharda faol ishtirok etgan 586 mingdan ortiq yoshu keksa tevarak-atrofni obodonlashtirib, turar joy, ko‘cha-kuy va ariqlarni, muqaddas qadamjo va qabristonlarni turli chiqindilardan tozaladi. Qariyb 900 ming tup daraxt oqlanib, shakl berildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 200 mingdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekildi. Tomorqalar tartibga keltirildi.

Viloyatning Termiz tumanida hasharda qatnashgan 24 ming 350 kishining deyarli 13 mingini yoshlar tashkil etdi. Yana 30 mingga yaqin hasharchi azaliy qadriyatlarimiz ulug‘lanayotgan umumxalq tadbirida ishtirok etib, ahillik bilan hududlarni obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish yumushlarini amalga oshirdi.

Bayramni milliy urf-odatlarimizga xos obod va ozoda go‘shada o‘zgacha xursandchilik bilan kutib olishga puxta hozirlik ko‘rayotgan Bandixon tumani aholisi ham umumxalq xayriya hasharini uyushqoqlik bilan yakunlashga bel bog‘ladi. Tumanning barcha mahalla va ko‘chalarida amalga oshirilgan yumushlarni tez, sifatli bajarishga alohida e’tibor berilgan hasharda yoshlar va keksa avlod vakillari belni mahkam bog‘lab, astoydil qatnashdi. Shu maqsadda hasharning birinchi kunida 17 mingdan ziyod kishi ishtirok etgan bo‘lsa, kecha 22 mingga yaqin kishi obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish va hududlarni chiqindilardan tozalash ishlarini olib bordi. Ziyoratgoh va qabristonlarni tartibga keltirib, daraxtlarga shakl berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki kun 43 mingdan ortiq kishi hasharda qatnashgan Sho‘rchi tumanida kecha tongdan 50 mingga yaqin hasharchi mehnat qildi. Tumandagi 53 ta mahallada amalga oshiriladigan ishlar “ko‘chabay” va “xonadonbay” kesimida belgilab olingani hududlarga bahor chiroyini ulashib, nishonlanishi bir paytga to‘g‘ri kelgan ikki ulug‘ ayyomni shodu xurramlikda qarshi olishga qulay muhit yaratmoqda.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, vohada erta tongdan 700 mingdan ortiq kishi joylarda obodonlashtirish yumushlarini qizg‘in olib bordi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ular ming gektardan ziyod maydonni obodonlashtirib, tartibga keltirdi. 800 tonnaga yaqin turli chiqindi maxsus joylarga olib chiqildi. Shuningdek, qariyb 1 ming 250 kilometr uzunlikdagi lotok va ariqni tozalash, 900 ming tupga yaqin mevali va manzarali daraxtni oqlab, shakl berish rejalashtirilgan.

Hashar doirasida turli ko‘chat ekib, bog‘-rog‘lar yaratish, muqaddas qadamjo va qabristonlarni obodonlashtirish, ehtiyojmand oilalar xonadonlarini tartibga keltirish, nogiron va yolg‘iz keksalar holidan xabar olib, moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatish davom etmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5SBb59E1Sa4" title="Janubda umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan o`tdi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA