Tibbiyot xabarlari
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan dorixonalarda referent narxlardagi dori vositalarining realizatsiyasini nazorat qilish hamda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilishga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Zarur amaliyotlar markazi davlat muassasasi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti vakillari ishtirok etdi.
2026-yil 1-martdan boshlab qariyb 2000 ga yaqin nomdagi dori vositalarining chakana narxlari pasaytirilgani hamda dorixonalar tomonidan ushbu dori vositalari belgilangan referent narxlarda sotilishi lozimligi yana bir bor ta’kidlandi.
Shuningdek, ayrim dorixonalarda referent narxlardan yuqori narxlarda dori vositalari sotilayotgani aniqlangani, natijada vakolatli organlar tomonidan qonunchilikka muvofiq ayrim dorixonalar litsenziyalari bekor qilingani haqida ma’lumot berildi. Bundan tashqari, dorixonalarda referent narxlarga rioya etilishi hamda elektron retsept tizimi asosida dori vositalari berilishini nazorat qilish maqsadida sirli xaridor usuli asosida tekshiruvlar amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
***
Milliy tibbiyot markazining tajribali ortoped-jarrohi Roshan Asvar va uning jamoasi nafaqat yurtimiz, balki xorijiy davlatlardan kelayotgan bemorlarga ham yuqori malkali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Zamonaviy jarrohlik usullari hamda ilg‘or tibbiy texnologiyalar asosida amalga oshirilayotgan amaliyotlar natijasida ko‘plab bemorlar sog‘lig‘ini tiklab, faol hayotga qaytmoqda.
Markaz mutaxassislari tomonidan ortopediya va tramvatologiya yo‘nalishida murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilib, bemorlarga xalqaro standartlar asosida davolash xizmatlari taqdim etilmoqda.
***
Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va farminspeksiya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Samarqand viloyati, Samarqand shahri, “Bahodir Yalangto‘sh” mahalla fuqarolar yig‘ini, Qorasuv ko‘chasida joylashgan “SHAXNOZA-L”mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli dorixonada litsenziya talab va shartlarining buzilganligi holati aniqlandi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyalari tahlillari natijasiga ko‘ra, mazkur dorixonadan olingan 8 turdagi dori vositasining sifatini tasdiqlovchi muvofiqlik sertifikati mavjud emasligi va 6 turdagi dori vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Holat bo‘yicha markaz tomonidan dorixona litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risida Samarqand tumanlaro iqtisodiy sudiga kiritilgan da’vo arizasi qanoatlantirildi. Natijada jamiyatga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun 2023-yil 22-mayda berilgan litsenziya bekor qilindi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, mazkur dorixona manzili va qonun buzilishiga bevosita aloqador xodimlar litsenziyasi tugatilgan dorixonalar hamda xodimlarning yagona reyestriga kiritildi.
M.Qosimova, O‘zA