Markaziy Osiyoga ochilgan darvoza: Pokistonning geoiqtisodiy roli
So‘nggi yillarda Pokiston o‘zini Janubiy Osiyoda muhim mintaqaviy kuch sifatida namoyon etmoqda. Qulay joylashuvi tufayli bir necha mintaqani bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarayotgan ushbu mamlakat faol tashqi siyosat yuritib, o‘zgaruvchan global muhitda yanada muhim o‘rin egallashga intilmoqda. Bunday sa’y-harakat tashabbuskor tashqi siyosiy va iqtisodiy qadamlar orqali amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston – Pokiston hamkorligining siyosiy, iqtisodiy va mintaqaviy ahamiyatiga oid quyidagi tahliliy maqola Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tayanch doktoranti Muqaddas Hojimurodova fikrlari asosida tayyorlandi.
Endilikda Islomobod uchun geosiyosat va xavfsizlik masalasidan ko‘ra, geoiqtisodiy yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Zero, zamonaviy taraqqiyot jarayoni davlatlarni xalqaro maydondagi ilg‘or tajriba va rivojlanish modellaridan foydalanib, milliy farovonlikni ta’minlashga undamoqda. Bunday sharoitda global o‘zgarishlardan chetda qolish strategik jihatdan maqsadga muvofiq emas. Shu bois, Pokiston hukumati qator davlat dasturlarini ishlab chiqib, rejalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kirishgan.
Imron Xon hukumati davrida 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Milliy xavfsizlik strategiyasi ishlab chiqilgan edi. Mazkur hujjatda mamlakatning pragmatik va geoiqtisodiy yondashuvga asoslangan siyosat sari yuz tutgani ochiq ifodalangan. Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqani kengaytirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlik tarixan shakllangan tabiiy jarayon edi. Afsuski, mustamlakachilik davrida hududlarni sun’iy ravishda ajratish siyosati natijasi o‘laroq, aloqalar uzilib, yangi geosiyosiy sharoit yuzaga kelgan. Ikki qutbli dunyo davrida mintaqalararo hamkorlik sustlashib, savdo va transport yo‘laklari ham shunga mos faoliyat ko‘rsatgan. Natijada hududlar o‘rtasida turli siyosiy, infratuzilmaviy to‘siqlar paydo bo‘lgan.
Afg‘onistonda nisbiy barqarorlik shakllanishi bilan mazkur yo‘nalishning strategik imkoniyati yana faol muhokama qilina boshladi. Pokiston uchun Afg‘oniston orqali Markaziy Osiyoga chiqish transport-logistika tizimini rivojlantirish, yangi yirik bozorlarga kirish hamda investitsiya loyihalarini kengaytirish imkonini beradi. Markaziy Osiyo davlatlari uchun esa Pokiston portlariga chiqish nafaqat Janubiy Osiyo, balki Yaqin Sharq bozoriga ham yo‘l ochadi.
Bugungi kunda Pokiston hukumati “URAAN Pakistan” nomli keng ko‘lamli va uzoq muddatli strategik dastur asosida faoliyat yuritmoqda. Ushbu reja 2047-yilgacha mamlakat iqtisodiyotini 3 trillion dollarlik ko‘rsatkichga yetkazishni maqsad qilgan bo‘lib, asosiy vazifa mamlakatni yirik eksportchi davlatlar qatoriga olib chiqishdir.
Bu maqsadga erishishda, avvalo, Markaziy Osiyo bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani takomillashtirish hamda “Xitoy – Pokiston iqtisodiy yo‘lagi” loyihasi salohiyatidan to‘liq foydalanish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, dastur mamlakatni zamonaviy texnologiyalarga tayangan, eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiy modelga o‘tkazish orqali mavjud makroiqtisodiy beqarorlikni yumshatishga qaratilgan.
2025-yil dekabr va 2026-yil fevral oylarida Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda O‘zbekiston yetakchilari Pokistonga davlat tashriflarini amalga oshirdi. Rasmiy Islomobod uchun ushbu tashriflar Markaziy Osiyo bilan aloqalarda savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport-logistika tizimi, investitsiya oqimi va harbiy sohadagi umumiy manfaatlarga tayangan yangi bosqichni boshlab berdi. Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik strategiyasida Pokistonning o‘rni tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu jarayon Afg‘onistonning faol ishtiroki orqali mintaqaning barqaror rivojlanish yo‘liga chiqishiga ham turtki berishi mumkin.
Pokistonning Markaziy Osiyoga qaratilgan siyosatida O‘zbekiston alohida, hatto markaziy o‘rin tutadi. Sababi, mamlakatimiz mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan, barcha qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh yagona o‘lka sifatida Markaziy Osiyo “darvozasi” vazifasini bajaradi. Qolaversa, mintaqadagi eng ko‘p aholiga ega O‘zbekiston Pokiston eksportchilari uchun salmoqli bozor hisoblanadi.
Pokiston rasmiy doiralari Shavkat Mirziyoyevni mintaqaviy integratsiya jarayonining “drayveri” sifatida e’tirof etadi. Shu bois O‘zbekiston orqali mintaqaning boshqa davlatlariga chiqish Pokiston uchun nisbatan qulay va samarali yo‘l sifatida ko‘rilyapti.
Bu xulosani ikki tomonlama munosabatlar o‘sish sur’ati ham tasdiqlaydi. Xususan, Pokiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida strategik sheriklik munosabatini eng avval O‘zbekiston bilan 2021-yilda yo‘lga qo‘ygan. Ayni format Tojikiston bilan 2024-yil 2-iyulda, Qozog‘iston bilan 2026-yil fevral oyida o‘rnatildi. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov esa yaqindagina Pokistonga mamlakat rahbarining so‘nggi 20 yil ichidagi ilk rasmiy tashrifini amalga oshirdi.
Turkmaniston bilan strategik hamkorlikning asosiy poydevori Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston gaz quvuri loyihasi – “TAPI Gas Pipeline” hisoblanadi. Ushbu tashabbus mintaqalararo energetik integratsiyaning muhim bo‘g‘ini sifatida ko‘riladi.
Savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi o‘rnini ko‘rsatadi. 2025-yil noyabr holatiga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 17 foiz oshib, 434 million dollardan ziyod ko‘rsatkichni qayd etdi. Strategik maqsad – yaqin yillarda bu raqamni 2 milliard dollarga yetkazish. Qozog‘iston bilan savdo aylanmasi ham ikki barobar o‘sib, 86 million dollarni tashkil etdi. Tomonlar ushbu ko‘rsatkichni istiqbolda 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Mintaqa va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikda tranzit omili alohida ahamiyat kasb etmoqda. 2025-yil Pokiston hududi orqali Markaziy Osiyo davlatlarining tranzit savdosi hajmi 410 million dollarni tashkil etdi. Bu raqam mintaqa mamlakatlarining Gvadar va Karachi portlariga qiziqishi ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Yurtimiz Pokiston portlariga chiqish maqsadida O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘li loyihasini ilgari surmoqda. Mazkur tashabbus bo‘yicha dastlabki kelishuvlar imzolangan, amaliy ish boshlanganini bildiruvchi ma’lumotlar ham bor. 2026-yil boshida amalga oshirilgan tashrif doirasida Qozog‘iston rasmiylari Pokistonning oliy darajadagi vakillari bilan “Qozog‘iston – Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston” yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l qurilishi istiqbolini muhokama qilgan.
Ushbu tashabbusga ehtiyoj tug‘ilishiga Qirg‘iziston va Xitoy orqali Pokistonga olib boradigan yo‘l qish mavsumida yopilib qolishi sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Afg‘onistonning Turg‘undi quruq portidan Spinbuldak va Chaman orqali Pokiston dengiz portlariga chiqadigan yo‘nalish Kobul yo‘lagiga muqobil yo‘l sifatida baholanmoqda. Qozog‘iston mazkur loyihaga 2024-yil Turkmaniston taklifi bilan qo‘shilgan va 687 kilometrli temir yo‘l qurilishi xarajatini to‘liq zimmasiga olishga tayyorligini bildirgan.
Qozog‘iston O‘zbekistonni chetlab o‘tuvchi muqobil temir yo‘l loyihasini ilgari surishi ayrim doiralarda mintaqaviy raqobat taassurotini uyg‘otmoqda. Holbuki, Belarusdan Pokistongacha O‘zbekiston orqali o‘tadigan tranzit yo‘nalishidan Qozog‘iston ham sezilarli iqtisodiy foyda ko‘rishi mumkin. Shunga qaramay, Ostona “g‘arbiy temir yo‘l tizimi” qurilishini jadallashtirishga intilmoqda. Mahalliy ekspertlar Markaziy Osiyo davlatlarining Pokiston bilan qo‘shma loyihalarini tashqi ishlar vazirlari darajasida muvofiqlashtirish va muntazam maslahatlashuv mexanizmini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidlamoqda.
Pokistonning Tojikiston bilan aloqalari o‘ziga xos xususiyatga ega. Ikki davlatni Afg‘onistondagi vaziyat, xususan “Tolibon”ga nisbatan pozitsiya yaqinlashtirib turadi. Har ikki tomon chegara hududlaridan kelayotgan xavfsizlik tahdidiga duch kelmoqda. Shu bois mudofaa va terrorizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatda muhim o‘rin egallaydi.
Energetika yo‘nalishida esa “CASA-1000” loyihasi markaziy o‘rinda turadi. Mazkur tashabbus Tojikiston va Qirg‘izistondan Pokistonga elektr energiyasi yetkazilishini nazarda tutadi. Loyiha yakuniy bosqichga yaqinlashgan bo‘lib, 2027-yilgacha ilk elektr uzatmasi amalga oshirilishi mumkin.
Turkmaniston bilan munosabat, avvalo, energiya resurslari, xususan tabiiy gaz sohasidagi manfaat bilan belgilanadi. Ikki davlat hamkorligi yuqori darajadagi tashriflar, shuningdek BMT, IHT (ECO) va Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bilan mustahkamlanmoqda.
2005-yil yuzaga kelgan tanaffusdan so‘ng 2025-yil 3-4-dekabr kunlari Sadir Japarov Pokistonga rasmiy tashrif bilan bordi. Muzokara davomida savdo, energetika, mudofaa, ta’lim, turizm hamda mintaqaviy integratsiya yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini rivojlantirish, Pokiston portlaridan foydalanish va CASA-1000 loyihasini jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xulosa qilib aytganda, Pokiston o‘zining qulay geosiyosiy joylashuvidan samarali foydalanib, Markaziy Osiyo davlatlariga dengiz portlariga chiqish imkonini taklif etmoqda. Ayni payt mintaqa bozorlariga kirish, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda energiya resurslarini import qilishdan manfaatdor. O‘zaro manfaat va pragmatik yondashuvga asoslangan ushbu hamkorlik kelgusida ham tomonlar uchun istiqbolli va strategik ahamiyatga ega bo‘lib qolishi kutilyapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA