Kasb-hunarli insonning ertasi ishonchli (+video)
Bugungi kunda harbiy xizmatchilarning xizmat va turmush sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yil 13-yanvar kuni davlatimiz rahbarining Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bergan topshiriqlari asosida Qashqadaryo viloyatida muddatli harbiy xizmatchilarni kasbga yo‘naltirish va ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan muddatli harbiy xizmatchilarga bir qator imtiyoz va yengilliklar berildi. Jumladan, oliy ta’limga kirishi, xizmatdan keyin o‘qishni davom ettirishi, ish bilan ta’minlanishi va kasb- hunar o‘rganishi alohida e’tiborga olindi. Qashqadaryo viloyatida ham bu borada qator chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyat boshqarmasi hamda Qarshi shahridagi Kasbiy ko‘nikmalar markazi hamkorligida 2 oylik qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi.
— Markazimizda bugungi kunda 36 ta yo‘nalish bo‘yicha kasbga tayyorlash, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlikni o‘rgatish kurslari ochilgan, — deydi Qarshi shahar Kasbiy ko‘nikmalar markazi bosh mutaxassisi Hulkar Ro‘ziqulova.
—Kurslarda kasb-hunar o‘rganish istagidagi fuqarolar uchun barcha o‘quv uskunalari, jihozlar muhayyo etilgan.
Markazda muddatli harbiy xizmatchilar o‘z xohish- istaklariga ko‘ra chilangarlik, santexnik, elektromontyor yo‘nalishlari bo‘yicha kasb - hunar o‘rgandilar. Mashg‘ulotlarni tajribali mutaxassis o‘qituvchilar olib borishdi. 42 nafar muddatli harbiy xizmatchi bu yerda o‘qib, ko‘nikma hosil qilishdi. Ularga o‘quv dasturlari yakunida egallagan mutaxassisliklari bo‘yicha sertifikatlar topshirildi.
Kasbiy ko‘nikmalari oshgan va malakaviy hujjatga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarning bugun o‘ziga, ertangi kuniga bo‘lgan ishonchi oshgan. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rliklar harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlarning orzu niyatlari ushalishi, kelgusida mehnat bozorida munosib o‘rin topishi, ro‘zg‘or tebratishi va daromad topishi uchun keng imkoniyat yaratadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/k6Fwf_hcmYM" title="Kasb-hunarli insonning ertasi ishonchli " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, U. To‘xtayev (tasvirchi), O‘zA