Futbolchi qizlarimiz tarixiy natija ostonasida
Avstraliyada ayollar o‘rtasida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi bahslari o‘tkazilmoqda. Shu kunlarda mazkur musobaqaning chorak final uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, Avstraliya, O‘zbekiston, Xitoy, Xitoy Taypeyi, Janubiy Koreya, Yaponiya, Filippin va KXDR terma jamoalari guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu orqali ushbu jamoalar 2028-yilgi Los-Anjeles Olimpiadasi saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, ushbu terma jamoalar o‘rtasida o‘tadigan chorak final bahsida g‘olib bo‘lgan jamoalarga kelasi yil Braziliyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanma taqdim etiladi. Chorak finalda mag‘lub bo‘lgan termalar 19-mart kuni bo‘lib o‘tadigan qo‘shimcha saralash uchrashuvida ishtirok etadi.
Osiyo kubogining ushbu bosqichini Avstraliya va KXDR terma jamoalari bahsi boshlab berdi. Uchrashuvda mezbonlar 2:1 hisobida zafar quchdi va birinchilardan bo‘lib mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Bugun, 14-mart kuni O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi 1/4 finalda Janubiy Koreya bilan o‘zaro raqobatlashadi. O‘yin mamlakatimiz vaqti bilan soat 14:00 da Avstraliyaning Sidney shahridagi “Australia Stadium” arenasida bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, bugun Xitoy va Xitoy Taypeyi, 15-mart kuni Yaponiya hamda Filippin terma jamoalari yarim final va Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA