Vakillarimiz uchun qishki Paralimpiya o‘yinlari yakunlandi
Kortina-d'Ampetsso shahridagi (Italiya) "Tofane Alpine Skiing Centre" sport majmuasida XIV qishki Paralimpiya o‘yinlari doirasida para tog‘ chang‘isi bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi gigant slalom bahslari yakunlandi.
Unda Artur Boshe (Fransiya), Robin Kyushe (Shveysariya) va Aleksey Bugayev (Rossiya) shohsupaga ko‘tarildi. Ushbu bahslarda ishtirok etgan 21 yoshli yurtdoshimiz Firdavs Xudoyatov o‘zining ikkinchi startida 1:35.20 soniyada marra chizig‘ini kesib o‘tdi. Shu tariqa, delegatsiyamiz musobaqadagi ishtirokini yakunladi.
Ma’lumot uchun, ayni damda xitoylik paralimpiyachilar 12 ta oltin, 9 ta kumush va 12 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida karvonboshilik qilmoqda.
Ularni AQSH delegatsiyasi 6 ta oltin, 5 tadan kumush va bronza medal bilan ta’qib qilayotgan bo‘lsa, Italiya 6 oltin, 7 kumush va 1 bronza medalni qo‘lga kiritib, kuchli uchlikni yakunlab bermoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA