Maydalash sexi – ishlab chiqarishning yuragi
FOTOREPORTAJ
Shimoliy kon boshqarmasining 3-gidrometallurgiya zavodidagi ish jarayoni tabiat va inson aql-idrokining uzluksiz hamkorligini eslatadi. Ushbu jarayondagi eng muhim bosqichlardan biri — maydalash sexi bo‘lib, u bejizga zavodning bosh korpusi deb atalmaydi.
Navoiy viloyatidagi mazkur sexda har biri kichik uy hajmiga teng keladigan 15 ta ulkan baraban tegirmoni yordamida yirik ma’danlar maydalanib, qum holatiga keltiriladi. Aynan shu yerda ma’danlarni qayta ishlashga doir reja va topshiriqlar bajarilishi uchun asos yaratiladi.
Dastlab, yirik maydalash sexidan o‘tgan ma’danning oltinga aylanish yo‘lidagi ikkinchi bosqich ham aynan shu sexda amalga oshiriladi. 1995-yilda 3 ta tegirmon blokida tog‘ massasini yanchish ishlari boshlangan bo‘lsa, 2004–2005-yillarda yana bir tegirmon bloki qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu esa ish unumdorligini 38,2 foizga oshirish imkonini berdi.
2008–2009-yillar maydalash sexi jamoasi uchun haqiqiy sinov davri bo‘ldi. Bu yillarda tegirmon bloklarini sulfid rudasini qayta ishlashga moslashtirish ishlari amalga oshirildi. Har bir tegirmonga avtomatlashtirilgan gidrotsiklonli sinflash texnologiyasi joriy etildi. Shu bilan birga, 5- va 6-tegirmon bloklarining ishga tushirilishi ma’dan massasini qayta ishlash hajmini qariyb 50 foizga oshirish imkonini berdi.
2024-yil iyun oyida esa 7-tegirmon bloki hamda 8-sharli tegirmon bloki foydalanishga topshirildi. Natijada tog‘-kon massasini qayta ishlash hajmi yana 20 foizga oshdi.
[gallery-28122]
Albatta, maydalash sexi ishlab chiqarish zanjirining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Bu yerda mehnat qilayotgan fidoyi insonlarning zahmatli sa’y-harakatlari tufayli yurtimiz tabiiy boyliklari qayta ishlanib, xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilmoqda.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA