“Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi”ga bag‘ishlangan seminar
Sport vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” sport musobaqalarini o‘tkazishga bag‘ishlangan o‘quv-seminari boshlandi.
Ma’lumki, joriy yil 24-fevral kuni davlatimiz rahbarining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Unda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sportga jalb etish borasida qator muhim vazifalar belgilab berilgan.

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarida Sport vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida joriy yil ilk bor uch bosqichda tashkil etiladigan sport musobaqalari — “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” va “Talabalar ligasi”ni o‘tkazish masalalari muhokama qilinmoqda. Shuningdek, ushbu musobaqalarga mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari talabalarini keng jalb etish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.


Qayd etilganidek, “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” doirasida musobaqalar 7 ta sport turi bo‘yicha tashkil etiladi. Mazkur musobaqalar talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlashga xizmat qiladi.
O‘quv-seminari 14-mart kuniga qadar davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA