Qozog‘iston Rossiyadan ko‘chib kelgan ayrim fuqarolarni deportatsiya qilishi mumkin (+video)
Eron harbiylari Trampga javoban urush qachon tugashini o‘zlari hal qilishini bildirdi, Germaniyada yonilg‘i narxlari 2022-yildan beri eng yuqori cho‘qqiga yetdi, Qozog‘istonda Rossiyadan ko‘chib kelgan ayrim fuqarolarni deportatsiya qilish xavfi paydo bo‘ldi, shuningdek, BioNTech asoschilari yangi kompaniya tashkil etishini e’lon qildi va G7 davlatlari strategik neft zaxiralaridan hozircha foydalanmayapti. Xabarlar bo‘yicha fikrlaringizni izohlarda qoldiring va kanalimizga obuna bo‘lishni unutmang.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/N1qEh7UWWC8" title="Qozog`iston Rossiyadan ko`chib kelgan ayrim fuqarolarni deportasiya qilishi mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Eron harbiylari: urush qachon tugashini biz hal qilamiz
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Donald Trampning «urush tez orada yakunlanishi mumkin» degan bayonotiga javoban, urush qachon tugashini o‘zlari hal qilishini ma’lum qildi. Bayonotda jang maydonidagi sharoit va qarorlar Eron qo‘lida ekanligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, Eron raketa zarbalarini davom ettirishga tayyorligini bildirdi va AQSH bilan yangi muzokaralar hozircha kun tartibida emasligi qayd etildi.
Ukraina Bryanskdagi zavodga Storm Shadow raketalari bilan zarba berdi
Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning Bryansk shahridagi «Kremniy El» mikroelektronika zavodiga Storm Shadow qanotli raketalari bilan zarba berdi. Huquqiy manbalarga ko‘ra, hujumda olti kishi halok bo‘lgan, 37 kishi jarohat olgan. Ukraina tomoni bu zarbani Rossiya harbiy-iqtisodiy salohiyatini kamaytirish maqsadida amalga oshirganini bildirdi va operatsiya videosini e’lon qildi.
Qozog‘istonlik shifokor Nyu-York–Toshkent reysida yo‘lovchining hayotini saqlab qoldi
Yersin Junusov ismli qozog‘istonlik shifokor Nyu-York–Toshkent reysida samolyot bortidagi yo‘lovchiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatdi. Bemor kuchli taxikardiya va yuqori qon bosimi bilan yomonlashganda, shifokor taxminan 10 soat davomida uning holatini nazorat qildi, kislorod ulandi va zarur dorilar berildi.
Qozog‘iston Rossiyadan ko‘chib kelgan ayrim fuqarolarni deportatsiya qilishi mumkin
Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi vaqtinchalik yashash ruxsatnomalarini soxtalashtirish bilan bog‘liq yirik jinoiy ishni tergov qilmoqda. Meduza xabariga ko‘ra, ish Rossiyadan ko‘chib kelgan ayrim shaxslarning deportatsiyasiga olib kelishi mumkin. Mutaxassislar ushbu ish ortida migratsiya siyosatini qat’iylashtirish va ehtimoliy ommaviy deportatsiya tayyorlanayotgani borligini aytmoqda.
BioNTech asoschilari yangi kompaniya tashkil etishini e’lon qildi
Ugur Shohin va O‘zlem Turechi Germaniyaning BioNTech kompaniyasidagi rahbarlik lavozimlarini tark etib, mRNK texnologiyasi bo‘yicha tadqiqotlar olib boradigan yangi korxona tashkil etishini ma’lum qildi. Reuters xabariga ko‘ra, er-xotin olimlar BioNTechda klinik bosqichga qaratilgan tadqiqotlar o‘rniga boshlang‘ich ilmiy izlanishlarga e’tibor qaratishni rejalamoqda.
Germaniyada yonilg‘i narxlari 2022-yildan beri eng yuqori darajaga yetdi
Umumgermaniya avtomobil klubi (ADAS) ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada E10 benzini litri ilk bor 2022-yil mayidan beri 2 yevrodan oshdi. Narxlar dizel va benzinda oshishi davom etmoqda. Mutaxassislar buni neft bozoridagi o‘zgarishlar bilan izohlamoqda. Xarajatlarning oshishi iste’molchilarga tezkor ta’sir qilishi mumkin, hatto benzin litri 2,50 yevroga yetishi ehtimoli borligi qayd etildi.
G7 hozircha strategik neft zaxiralaridan foydalanmaydi
G7 davlatlari va Xalqaro energetika agentligi (XEA) jahon neft bozoridagi vaziyatni baholashdi, ammo hozircha strategik neft zaxiralarini bozorga chiqarish chorasi qo‘llanmaydi. Manbalarga ko‘ra, XEAga a’zo 32 davlat qo‘lida 1,2 milliard barreldan ortiq strategik neft zaxirasi mavjud. Shu bilan birga, agentlik tarixdagi eng yirik zaxira chiqarish variantini ham ko‘rib chiqmoqda.
Nozimbek Mardonov, Yoqub Meliboyev, Salim Obidjonov O‘zA