Yangi O‘zbekistonning yuksalish simfoniyasi
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, taniqli adib Abdusaid Ko‘chimovning “Yuksalish simfoniyasi” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Joriy yil avvalida nashr etilgan kitobdan muallifning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar samaralari aks etgan maqolalari o‘rin olgan. To‘plamni o‘qish jarayonida keyingi o‘n yillikda yurtimizda amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlar, hayotbaxsh evrilishlarni teran his qilasiz, muallif bilan mamlakatning barcha go‘shalarida birga yurgandek, hududlarda yangilanishlarni ko‘rgandek bo‘lasiz.
Taqdimotda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Qozoqboy Yo‘ldoshev, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari tahririyati bosh muharriri, Oliy Majlis Senati a’zosi Husan Ermatov va boshqalar kitobning ana shu jihatlariga e’tibor qaratdi.
– “Yuksalish simfoniyasi” hurmatli Prezidentimizning xalqparvar, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan siyosati samarasida keyingi o‘n yilda o‘zgarayotgan shahar va qishloqlarimiz, ulkan bunyodkorlik ishlari va xalqimiz ongu tafakkuri, dunyoqarashidagi o‘sish haqida hikoya qiladi, – dedi Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov. – Bugun Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar jonajon Vatanimizning buguni va ertasiga befarq bo‘lmagan har bir insonni, ayniqsa, ijod ahlini yozishga, tafakkur qilishga da’vat etadi. Abdusaid aka ana shu da’vatni o‘zi hududlarda bo‘lib qalban his qilgan, bu yangilanish jarayonlarini xolis tahlil qilgan va bundan butun xalqimizni xabardor etishga intilgan. Albatta, bu maqolalar davriy nashrlarimizda, internet sahifalarida muntazam e’lon qilib borildi. Endilikda ularning Yangi O‘zbekistonning yuksalish simfoniyasi kabi marjondek tizilib, katta bir to‘plam, kitobga aylangani faqat bugun emas, tarix uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Kitobga taniqli siyosatshunos, jamoat arbobi Qudratilla Rafiqov so‘zboshi yozgan. So‘zboshida qayd etilganidek, haqiqat va samimiyat bilan yozilgan bu kitob faqat tarixiy yoki siyosiy solnoma emas, balki o‘z taqdirini o‘zgartirishga bel bog‘lagan xalqning ruhiy-ma’naviy holati aks ettirilgan bebaho ko‘zgudir.
[gallery-28085]
– O‘tgan yil 25-noyabr kuni davlatimiz rahbari Samarqandga tashrif buyurib, viloyat faollari bilan Urgutda uchrashadigan bo‘ldi, – deydi “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev. – Urgutga yangi qurilgan “Samarqand – Urgut” temir yo‘li orqali Prezidentimiz bilan birga poyezdda bordik. Yo‘l davomida davlatimiz rahbari viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqimizning turmush darajasini yuksaltirish bilan bog‘liq reja va maqsadlarini bayon qilib bordi, yangi tashabbuslar, o‘zgarishlar haqida gapirdi. Albatta, tashrifdan keyin biz – jurnalistlar o‘z taassurotlarimiz haqida maqolalar yozdik, intervyular berdik. Jumladan, Abdusaid akaning “Endi olam ahlining qarashlari o‘zgacha” deb nomlangan kattagina maqolasi deyarli barcha markaziy gazetalarda chop etildi, internet nashrlarda e’lon qilindi. Abdusaid Ko‘chimovning davlatimiz rahbari aytgan har bir fikrni shu zaminning fidoyi farzandi sifatida teran ilg‘ab, o‘z tanida his qilib, bu haqda jo‘shib yozganiga, ochig‘i, havasim keldi. Kitobdan ushbu maqola ham o‘rin olgan va uni qayta-qayta o‘qib, chiqdim.
Taqdimotda kitob muallifi Abdusaid Ko‘chimov so‘zga chiqib, bugun mamlakatimizda kechayotgan olamshumul o‘zgarishlar, davlatimiz rahbarining shijoatli siyosati har bir ijodkorni bu jarayonlar haqida yozishga undashi, qalbdagi tug‘yonlarni yanada jo‘sh urdirishini qayd etdi. To‘plamni nashr etishda ko‘rsatgan amaliy yordami uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
– Bu kitobning har bir qatori, har bir sahifasi Prezidentimizning faoliyatlari, amalga oshirayotgan ishlari, shijoatli qadamlari haqida, – dedi A.Ko‘chimov. – Albatta, u kishining keyingi o‘n yilda davlat rahbari sifatidagi faoliyati haqida qalbimiz faxr va iftixorga to‘lib katta-katta kitoblar, asarlar yozish mumkin. Bizning bu kitobimiz ana shu yo‘ldagi kichik bir qadam, Prezidentimizning ishlarining bir zarrasini aks ettiradi, xolos. To‘plamdan o‘rin olgan maqolalarda mamlakatimiz hududlarining bugungi o‘zgarishlari, taraqqiyoti kechagi kun bilan qiyoslangan holda bayon etilganki, bu o‘quvchini hozirgi shiddatkor o‘sish, rivojlanish o‘z-o‘zidan bo‘lmayotgani, davlat rahbarining hamisha bedorligi, xalq uchun, Vatan uchun beorom mehnat qilayotgani samarasi ekanini anglashga undaydi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari