Jinoyatchilikni jilovlash ishlari natijasida 4 ming 34 ta mahallada jinoyat sodir etilmagan
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida Ichki ishlar vazirligining mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.
Qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov boshqargan majlisda oldi olinishi mumkin bo‘lgan, lekin sodir etilgan jinoyatlarning 89,3 foizi (36 ming 421 tasi) fosh etilgani qayd etildi.
Tezkor-qidiruv va tergov harakatlari davomida 9 ming 921 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan, 600 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topilgan.
Bevosita mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 9 mingdan ziyod mahallaning 4 ming 34 tasida jinoyat umuman sodir etilmagan.

Kriminogen vaziyat tahliliga ko‘ra, mahallalarning 44,8 foizi “yashil”, 47,9 foizi “sariq” va 7,4 foizi “qizil” toifaga kiritilgan.
Profilaktik choralar natijasida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 4,6 foiz, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlar 15,1 foiz, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 14,2 foiz, guruh tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 13,1 foiz, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilik 11 foiz va mast holatda sodir etilgan jinoyatlar 5,6 foizga kamaygan.
“102” xizmati orqali kelib tushgan 2,5 milliondan ortiq murojaat ko‘rib chiqilib, qariyb 1,4 millionta huquqbuzarlikning oldi olingan.
Shu bilan birga, ayrim muammolar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi. 2025-yilda respublika bo‘yicha 155 mingdan ortiqroq jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, har 100 ming aholiga nisbatan 412,9 tani tashkil etgan.
Jinoyatlarning 49,6 foizi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan. Narkojinoyatlar sohasida 15 ming 412 jinoyat qayd etilib, 3 tonna 775 kg giyohvandlik vositalari musodara qilingan. 15 narkolaboratoriya aniqlangan.

Raqamli iqtisodiyot sohasida nazorat mexanizmlari yetarli emasligi sababli noqonuniy 53 ta mayning ferma tomonidan davlatga 20,6 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
2025-yilda yoshlar tomonidan 13 ming 639 jinoyat sodir etilganini inobatga olib, qo‘mita majlisida yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Qo‘mita a’zolari tomonidan sohada mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, profilaktika ishlarini kuchaytirish, axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish hamda mahallalarda manzilli ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan qo‘mitaning aniq taklif va tavsiyalari aks etgan qarori qabul qilindi.
Bundan tashqari, majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning hisoboti ham eshitildi. Muhokama yakunlari bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA