Yaqin Sharqdagi holat neft narxini rekord darajaga ko‘tardi
Jahon energetika bozorida xom ashyo narxi keskin oshishi davom etyapti. Londonning ICE birjasida o‘tkazilgan savdo natijasiga ko‘ra, 2026-yil may oyida yetkazib berilishi rejalashtirilgan "Brent" markali neftning bir barreli 109,87 dollarga yetdi.
Bugun Toshkent vaqti bilan tonggi soat 04:10 dagi holat bo‘yicha qayd etilgan ushbu ko‘rsatkich so‘nggi yillardagi eng yuqori daraja hisoblanadi. Ta’kidlash joiz, neft narxi 2022-yil 30-avgustdan beri ilk bor 102 dollarlik chegaradan oshdi.
Ekspertlar fikricha, qora oltin bunday tez qimmatlashi so‘nggi o‘n kun ichida Yaqin Sharq mintaqasida yuz berayotgan keskin geosiyosiy o‘zgarish va beqarorlik bilan bog‘liq. Siyosiy maydondagi ayni vaziyat energiya resurslari zanjiriga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xalqaro mezonga ko‘ra, neftning standart bir barreli 158,98 litrga teng.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA