Ayol jamiyat hayotida yetakchi kuch
Tarixga nazar
Tarixiy manbalarda ta’kidlanishicha, qadimgi Rimda xotin-qizlar bayrami nishonlangan. Ushbu bayramda ayollar erlaridan sovg‘alar olganlar, hatto, qul ayollarga ham xo‘jayinlari tomonidan sovg‘alar in’om etilib, o‘sha kuni ular har qanday ishdan ozod etilgan. Erkaklar ayollarga alohida hurmat-e’tibor ko‘rsatib, sevgi-muhabbat izhor qilishgan.
8 Mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni tarixi esa XIX asrning oxirlariga borib taqaladi. Mazkur bayram xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va maishiy sohalardagi huquqlarini himoya qilish, ozodlik uchun kurashda ayollarning birdamligini ifodalovchi kun sifatida erishilgan eng katta natija bo‘lib tarix solnomalaridan o‘rin olgan.
1857-yil 8-martda Nyu-Yorkdagi to‘quvchilik va poyabzal korxonalarida ishlovchi xotin-qizlar namoyishga chiqadilar. Ular 10 soatlik ish kunini joriy etish, ish sharoitlarini yaxshilash, oylik ish haqini ko‘tarish va erkaklar bilan ayollar huquqlarini tenglashtirish singari talablarni ko‘tarishgan. Ushbu namoyish natijasida xotin-qizlarning ma’lum talablari qondiriladi.
1908-yil 8-martda AQSHlik ayollar saylovda qatnashish, bolalar mehnatini taqiqlash va boshqa bir qator talablar bilan birga fevral oyining so‘nggi yakshanbasini Milliy ayollar kuni deb e’lon qilinishini talab etadilar. Oradan 2 yil o‘tib, 1910-yilda Kopengagenda bo‘lib o‘tgan xotin-qizlarning 2-Xalqaro konferensiyasida xalqaro xotin-qizlar harakati yo‘lboshchilaridan biri Klara Setkin 8-martni Xalqaro ishchi xotin-qizlar kuni deb e’lon qilish va ushbu kunni har yili dunyo miqyosida bayram qilish tashabbusini ilgari surdi.
Jahondagi ko‘plab mamlakat ayollari qashshoqlikka qarshi kurashish, tenglik, yaxshi sharoitlarda ishlash, o‘zlarining sha’ni va huquqlarini himoya qilishga erishish hamda tinchlik yo‘lidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatladilar. 1911-yilga kelib Avstriya, Daniya, Germaniya va Shveysariya singari davlatlarda 8-mart bayram sifatida nishonlandi.
1977-yildan boshlab Xalqaro ayollar kuni BMTga a’zo davlatlar tomonidan nishonlanib kelinadi. Keyinroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni deb e’lon qilingan. Ayni kunda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlarida ushbu kun umumxalq bayrami sifatida nishonlanadi.
O‘zbekistonda 8 mart bayrami XX asr boshlarida ommalashgan. 1920 yillarda bu sana “Hujum” harakati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Bu kampaniya doirasida ayollar eskilik sarqitlariga qarshi kurashish, paranjini tashlash va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishga chaqirilgan.
Bugungi kunda ushbu sana mamlakatimizda umumxalq bayrami va dam olish kuni sifatida nishonlanadi. Xalqaro xotin-qizlar kuni sharqona urf-odatlar, xalqimizning milliy qadriyat va an’analari asosida bayram qilinadi. Mazkur bayram munosabati bilan yurtimizda xotin-qizlarga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatiladi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.