O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan TOP-10 davlatlar
O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarida yangi yilni ijobiy ko‘rsatkichlar va yuqori o‘sish sur’atlari bilan boshladi. Milliy statistika agentligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar oyida mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 1,7 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,7 foizga yuqori bo‘lib, mahalliy mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligi ortib borayotganini tasdiqlamoqda.
Joriy yilning ilk oyi davomida O‘zbekiston mahsulotlarining asosiy xaridorlari sifatida an’anaviy hamkorlar bilan bir qatorda Yevropa va Amerika qit’asi davlatlari ham faollik ko‘rsatdi.
Xususan, Rossiya Federatsiyasi 325,8 mln dollar bilan eng yirik eksport yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Kuchli uchlikdan Xitoy (178,1 mln dollar) va Afg‘oniston (136,7 mln dollar) joy oldi. Shuningdek, Yevropa yo‘nalishida Fransiyaning yuqori ulushi (103,6 mln dollar) va okean ortidagi muhim hamkor AQSHning (32,1 mln dollar) kuchli o‘ntalikka kirgani diqqatga sazovordir.
Mintaqaviy hamkorlik doirasida Turkiya (84,3 mln), Qozog‘iston (81,6 mln), Qirg‘iziston (46,5 mln) va Tojikiston (45,7 mln) bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sishda davom etmoqda.
Bundan tashqari, Birlashgan Arab Amirliklari (41,4 mln) ham O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari qatoridan mustahkam o‘rin egalladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA