Pojarnik Hilola opa
Nurotalik Xoliqul aka va Saodat opaning oilasida 1971-yilda ikki o‘g‘ildan keyin dunyoga kelgan Hilola akalari bilan birga o‘sib, yigitlarga xos jasorat va qat’iyatni o‘zida shakllantirdi. Kichkina jussasi tufayli ota-onasi uning chevarchilik kasbini tanlaganini ma’qul ko‘rishdi.
Hilola maktab davridayoq ustoz ko‘rib, o‘ziga va yaqinlariga liboslar tikardi. Oliy ma’lumot olish vaqti kelganda u Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini tanladi.
Institut qoshida harbiy kafedra faoliyat yuritar, u yerda tahsil olgan kursdoshlari Hilolaning tikuvchilik mahoratidan xabar topgach, harbiy kiyimlarini bichimlash va tuzatishda undan ko‘mak so‘rashardi. Hilola esa bu kiyimlarni egniga ilib ko‘rib, ularga havas bilan qarardi. Ammo qadriyatlar mustahkam saqlanadigan Nurota muhitida o‘sha paytlarda qiz bolaning harbiy libos kiyishiga ko‘pchilik boshqacha munosabat bildirishini u yaxshi bilardi. Shu bois institutni tamomlagach, trikotaj fabrikasida ish boshladi.

Taqdir uni Olimjon ismli yigit bilan bog‘lab, Uchquduqqa kelin bo‘lib keldi. Ana shundan keyin uning hayotida yangi sahifa ochildi.
Oilamga va ro‘zg‘orimga foydam tegsin deb ish izlayotgan keliniga qaynotasi Fozil aka Yong‘in xavfsizligi bo‘limida ish borligini aytganda, Hilolaning yuragi hayajondan to‘lib ketdi. U “eplolmayman” demadi. Aksincha, qat’iy qaror qildi: shu yerda ishlayman.
Shu tariqa Hilola Xudoyqulova 1994-yilda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Navoiy kon-metallurgiya kombinati ob’ektlarining yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘limiga ishga qabul qilindi. Harbiy libos bilan birga unga katta ishonch ham yuklatildi. Endi u nafaqat korxona, balki butun Uchquduq hududida yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun jamoasi bilan birga javobgar edi.
– Dastlab ishimni navbatchilik qismidan boshlaganman, – deb xotirlaydi Hilola. – Bir sutka davomida Uchquduq bo‘yicha kelib tushadigan murojaatlarga javob berardim. Bir kuni ish soatim tugashiga ikki daqiqa qolganda yong‘in haqida xabar kelib tushdi. Darhol uni qabul qilib, ekipajni jo‘natdim. Lekin kasbimning talabi shundayki, o‘t o‘chiruvchilarni yuborganimdan keyin ham ular qaytib kelmaguncha ish joyimni tark etishga haqqim yo‘q edi. O‘sha kuni ishxonada 30 soat qolib ketganman. Turmush o‘rtog‘im va yaqinlarim bunday paytlarda meni doimo qo‘llab-quvvatlashgan.

Olov – tilsiz yov. Uni jilovlash ba’zan baquvvat yigitlarga ham oson emas. Bir lahzada mol-mulk kulga aylanishi mumkin. Bunday paytda odamlar tushkun holatida bo‘lib, ba’zan berilgan buyruqlarga ham bo‘ysunmaydi. Ayniqsa, ayollar uyidagi mol-mulkini qutqarish uchun yong‘in ichiga kirib ketishga ham tayyor bo‘ladi.
– Bir kuni ko‘p qavatli uyning uchinchi qavatida yong‘in sodir bo‘ldi, – deydi qahramonimiz. – Alanga juda kuchli edi. O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirishga kirishgan paytda uy bekasi yugurib keldi. U bezovta holda “Uyimga kirishim kerak!” deb qayta-qayta iltimos qila boshladi. Uni tinchlantirib, nima olib chiqmoqchi ekanini so‘raganimda, uyida ikkita suyultirilgan gaz balloni borligini aytdi. Uning gaplari rostligiga ishonch hosil qilgach, bu haqda darhol yong‘in o‘chirish rahbariga xabar berdim. Shu zahoti qaror o‘zgartirildi. Endi o‘t o‘chiruvchilar asosiy e’tiborni gaz ballonlari turgan xonalarni sovitishga qaratdi. Pastki qavatdagi uylar suvga to‘ldi, ammo eng muhimi – katta fojia oldi olindi. Agar gaz ballonlari portlaganda, butun uy-joyga jiddiy zarar yetgan bo‘lar edi.

Mayor Hilola Xudoyqulovaning ko‘p yillik mehnat faoliyati Shimoliy kon boshqarmasi ob’ektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash xizmatida o‘tdi. Hamkasblari uni hurmat bilan “Pojarnik Hilola opa” deb atashardi. Uning ish uslubida qat’iyat bilan birga mehribonlik, opalik va onalik fazilatlari ham mujassam edi. Shu bois odamlar uning ko‘rsatmalariga ishonch bilan amal qiladi.
Sanoat korxonalarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bilan o‘tkazilgan suhbatlar, muhandis-texnik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan aniq chora-tadbirlar tufayli ko‘p yillar davomida korxona mulkiga ham, insonlar hayotiga ham jiddiy zarar yetmadi. Hatto o‘t o‘chirish uskunalaridan asosan o‘quv-taktik mashg‘ulotlardagina foydalanishga to‘g‘ri keldi.
Hilola doimo ishchi-xodimlarga favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, yong‘in sodir bo‘lganda birlamchi o‘t o‘chirish vositalaridan foydalanish, nosoz elektr jihozlaridan foydalanmaslik va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish zarurligini tushuntirib keladi.
Albatta, hayot faqat yaxshi kunlardan iborat emas. Qirq yoshida turmush o‘rtog‘ining bevaqt vafoti uni qattiq iztirobga soldi. Yelkasidagi yulduzlar porlab tursa-da, ba’zan eshikning qattiq taqillashi ham yuragini larzaga solardi. Ammo u sinmadi. Chunki u farzandlari – Laziza va Nuriddinjon uchun kuchli bo‘lishi kerak edi.
Bir paytlar harbiy bo‘lishni orzu qilgan, yurtini va uning farzandlarini asrashni burch deb bilgan bu ayol o‘z qasamiga sodiq qoldi.
Bugun Hilola Xudoyqulova Shimoliy kon boshqarmasi favqulodda vaziyatlar xizmatida muhandis sifatida mehnat qilmoqda. Uning hayoti jasorat, matonat va Vatanga sadoqatning yorqin namunasidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA