Xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oyaning amaliy ifodasidir
Munosabat
Ko‘ksaroy qarorgohida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda mamlakatimizda ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yana bir bor e’tirof etildi.
Tadbirda davlatimiz rahbari yurtimiz ayollarini samimiy tabriklab, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va xizmatlarini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, inson hayoti va jamiyat rivojini xotin-qizlarsiz tasavvur etish mumkin emas. Ular oila farovonligi, farzand tarbiyasi va milliy qadriyatlar davomiyligini ta’minlaydigan buyuk kuchdir. Shu bois, mamlakatimizda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Keyingi yillarda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratildi. Bugungi kunda qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlarda gender masalalari alohida huquqiy mexanizmlar orqali baholanmoqda. Ya’ni xotin-qizlar huquq va manfaatlariga ta’siri tahlil qilinmasdan turib, birorta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmaydi. Bu esa davlat siyosatida ayollar manfaatlari ustuvor o‘rin tutayotganining amaliy ifodasidir.
Shu bilan birga, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 230 mingga yaqin tadbirkor ayollar qatlami shakllangan. Qishloq xo‘jaligida 12 mingdan ortiq fermer ayollar faoliyat yuritmoqda. Ilm-fan sohasida esa 6 mingdan ziyod olima yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Qizlarimizning sport sohasidagi yutuqlari ham mamlakatimiz obro‘sini yuksaltirmoqda. Xususan, o‘tgan yili xalqaro musobaqalarda yurtimiz sportchi qizlari 167 ta oltin, 193 ta kumush va 243 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Qolaversa, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi. “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” hisobotida esa o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 48-o‘ringa chiqdi. Ushbu ko‘rsatkichlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yaqqol namoyon etadi.
Bugungi kunda yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-qizlar soni 904 ming nafardan oshgan bo‘lib, bu umumiy talabalarning 54 foizini tashkil etadi. Stajyor-tadqiqotchi va doktorantlar orasida ham xotin-qizlar ulushi yuqori bo‘lib, ularning soni 8,5 ming nafarga yetgan.
Muhimi, xotin-qizlarga oliy ta’lim olish imkoniyati yaratish borasidagi tashabbuslar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi qizlar uchun davlat granti kvotasi ikki baravarga oshirilib, 4 mingtaga yetkaziladi.
Shuningdek, dunyo reytingining TOP-300 taligiga kirgan universitetlar bilan hamkorlikda magistraturada o‘qiyotgan talaba-qizlarning kontrakt mablag‘lari davlat tomonidan to‘lab berilishi belgilandi. Innovatsion g‘oyalarga ega qizlarni rag‘batlantirish maqsadida har yili startap tanlovlari o‘tkazilib, g‘oliblarga 500 million so‘mgacha grant mablag‘lari ajratiladi.
Xotin-qizlar va bolalarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilish – bu faqat huquqiy vazifa emas, balki jamiyatning ma’naviy barqarorligi va inson qadrini asrashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishdir. Shu ma’noda, mazkur haftada davlat rahbari tomonidan imzolangan yangi farmon ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga barham berishga qaratilgan mutlaqo yangi va mustahkam himoya tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu qaror har bir ayol va bolaning xavfsiz, tinch va munosib hayot kechirish huquqi davlat himoyasida ekanining yana bir yorqin ifodasidir.
Shu bilan birga, “Yangi hayot” dasturi orqali jazoni o‘tayotgan xotin-qizlarni kasbga o‘qitish va oliy ta’lim olish imkoniyatini yaratish nafaqat ularning taqdirini o‘zgartirish, balki jamiyatga foydali, mustaqil va ishonchli a’zolar sifatida qayta qadam qo‘yishiga xizmat qiladi. Bu esa ko‘plab oilalarning tiklanishi, farzandlar kelajagining mustahkamlanishi va ayollar orzularining ro‘yobga chiqishiga zamin yaratadi.
Umuman olganda, mamlakatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor bu – faqat ijtimoiy siyosat emas, balki inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oyaning amaliy ifodasidir. Chunki inson baxti oiladan boshlanadi. Oila mustahkamligi esa, avvalo, ayollar mehri va sabr-toqati bilan ta’minlanadi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday keng qamrovli chora-tadbirlar, shubhasiz, kelajakda o‘zining munosib samarasini beradi. Yaratilayotgan imkoniyatlar ayollarning bilim olishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ilm-fan va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA