Hind olimlari Denovda
Hindistonning Indra Gandi qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Girish K.Chandel va agrobiznes boshqaruv bo‘limi mudiri Xulas Patxak, Menejment ta’lim va taraqqiyot instituti vitse-prezidenti Lalit Aggarval, Ramakrishna yuqori o‘rta ta’lim maktabi direktori Mamata Aggarvallardan iborat delegatsiya Surxondaryo viloyatidagi Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida bo‘lib, ta’lim, ilm-fan sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish kabi masalalarni muhokama etdi.
Institutning ta’lim jarayoni, kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlari, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari, zamonaviy laboratoriyalar va o‘quv infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarda o‘quv laboratoriyalarida olib borilayotgan amaliy mashg‘ulotlar, innovatsion ishlanmalar va talabalarning ilmiy izlanishlari katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, Hind o‘quv markazi faoliyati taqdim etilib, mazkur markaz doirasida amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlari, til va madaniyat almashinuvi loyihalari, xalqaro sertifikatlash imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Markaz faoliyatini yanada kengaytirish va qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.

Hindistonning nufuzli ta’lim muassasalari rahbarlari institutda tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminarda ishtirok etdi. Unda agrobiznesni rivojlantirish, zamonaviy menejment yondashuvlari, pedagogik innovatsiyalar hamda raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish masalalari muhokama etildi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalar hamda xalqaro grant dasturlarida birgalikda ishtirok etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Delegatsiya vakillari institut hududida daraxt ekish aksiyasida qatnashib, ekologik barqarorlik va “yashil makon” tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

– Bu ramziy tadbir ikki tomonlama hamkorlikning mustahkam ildiz otishini ifodalovchi muhim voqea bo‘ldi, – deydi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori O.Ro‘ziyev. – O‘tgan yil 18-25-avgust kunlari Hindistonda bo‘lib, Indra Gandi qishloq xo‘jaligi universiteti va Menejment ta’lim va taraqqiyot instituti bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlarini tuzgan edik. Unda ta’lim va ilmiy tadqiqotlar, akademik mobillik, qo‘shma ta’lim dasturlari, malaka oshirish kurslari hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Mehmonlar bilan ana shu kelishuvga muvofiq hamkorlikni aniq yo‘l xaritalari asosida rivojlantirish, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi guruhlar tuzish va yaqin istiqbolda qo‘shma ilmiy anjumanlar tashkil etishni rejalashtirib oldik.

Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida 8 mingdan ortiq talaba ta’lim olmoqda. Institut dunyoning o‘nga yaqin davlatidagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatgan. O‘tgan o‘quv yilida bir guruh talabalar Turkiya, Indoneziya va Rossiya Federatsiyasida akademik mobillik asosida tahsil oldi. Joriy o‘quv yilida yana 10 nafar talaba Turkiya va Rossiya Federatsiyasida o‘qimoqda. Shuningdek, institutda o‘qish istagini bildirayotgan xorijlik talabalar safi ham kengayib bormoqda.

– Institutda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, ilmiy salohiyat va yoshlarning intilishi bizda boy taassurot uyg‘otdi, – deydi Indra Gandi qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Girish K.Chandel. – Ayniqsa, agrar sohadagi amaliy yondashuv va innovatsion ishlanmalar hamkorlikni chuqurlashtirishimizga mustahkam asos bo‘ladi. Imzolagan memorandumlarimiz aniq loyihalar bilan yanada boyitilishiga ishonamiz.
Mehmonlar talabalar uchun mahorat darslari o‘tdi. Vohaning boy tarixi, madaniy merosi, hududlarda ertagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va sitrus mevalar ko‘chati parvarishlash bilan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA