Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimi yanada takomillashtiriladi
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining viloyat bo‘limi hamkorligida davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan OAV vakillari, jurnalistlar hamda soha mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ундаmaktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, innovatsion maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini tashkil etish, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, pedagog kadrlar salohiyatini oshirish, shuningdek, bolalarni o‘yinga yo‘naltirilgan ta’lim asosida milliy g‘urur va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash borasida belgilangan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

– Hujjatda pedagog kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan, – deydi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abror Latipov. – Endilikda yangi tashkil etilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga birinchi navbatda oliy ma’lumotli tarbiyachilar jalb qilinadi. Dual ta’lim tizimi joriy etilib, pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlarni tayyorlash xalqaro ilg‘or tajribalarga mos ravishda takomillashtirilgan ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli imtiyozlar belgilangan bo‘lib, yer ajratish, kreditlar, subsidiyalar va soliq yengilliklari tadbirkorlarni ta’lim sohasiga yanada keng jalb qilishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda viloyatda 1 479 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, shundan 228 tasi davlat, 4 tasi 2 ta tashkilotga qarashli ilk rivojlantirish markazi, 1 245 tasi esa nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir.

Hududda 3-6 yoshdagi bolalar soni 92 889 nafarni tashkil etib, ularning 81 004 nafari, ya’ni 87,8 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. 6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi esa 99,5 foizga yetkazilgan.
Ayni paytda ta’lim tashkilotlarida 3 654 ta guruh mavjud bo‘lib, mashg‘ulotlar o‘zbek, rus va qozoq tillarida “Ilk qadam” hamda “Ilm yo‘li” variativ dasturlari asosida olib borilmoqda.

Shuningdek, Navbahor, Konimex, Xatirchi va Nurota tumanlarida 14 ta maydonchada 7 ta maxsus jihozlangan “Aqlvoy” avtobusida 26 ta guruh tashkil etilgan bo‘lib, mazkur guruhlarga 544 nafar bola jalb etilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-iyuldagi “Ilk rivojlanish markazlari faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Karmana, Konimex, Uchquduq va Xatirchi tumanlarida Ilk rivojlanish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularda ta’lim-tarbiya jarayoni “o‘yin guruhi” va “maxsus maktabgacha ta’lim xizmati” modellari asosida tashkil etilgan.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA