“Harbiy qismda bir kunim”
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidagi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 2026-yilga mo‘ljallangan qo‘shma chora-tadbirlar dasturining ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyatidagi Muborak garnizonida joylashgan harbiy qismda “Harbiy qismda bir kunim” loyihasi tashkil etildi.
Tadbirda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 7-9 sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Loyiha ochilishida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qism qo‘mondonligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati Kengashi mas’ul xodimlari qatnashdi.

Loyiha doirasida yoshlar harbiy hayot bilan yaqindan tanishib, Vatan himoyachilarining kundalik xizmat jarayonlarini bevosita kuzatdi. Saf tayyorgarligi, jismoniy va ruhiy chiniqish mashg‘ulotlarida qatnashgan ishtirokchilar jamoaviy harakat, tezkorlik va intizom ko‘nikmalarini amalda sinab ko‘rdi.

Shuningdek, yoshlar maxsus harbiy liboslar bilan ta’minlanib, harbiy aslahalar va zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan ishlash bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Mutaxassislar rahbarligida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar davomida xavfsizlik qoidalari, aniqlik va mas’uliyat masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Loyiha doirasida o‘q otish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, shuningdek, sport musobaqalari ham tashkil etildi. Harbiylar bilan bir safda o‘tkazilgan ushbu mashqlar yoshlarning jismoniy tayyorgarligi va vatanparvarlik ruhini mustahkamlashga xizmat qildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqining dasturiy maqsadlari, yoshlar siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar hamda yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri