Pokistonda yana terror hujumi: 11 nafar harbiy halok bo‘ldi
Pokiston armiyasi matbuot xizmati Xayber-Paxtunxva viloyati Bojur tumanidagi nazorat manziliga hujum uyushtirilib, jangarilar bilan to‘qnashuv yuzaga kelgani haqida xabar berdi. Hodisa oqibatida 11 nafar xavfsizlik xodimi va bir bola halok bo‘lgan, yetti kishi yaralangan.
Bayonotga ko‘ra, 16-fevral kuni voqea joyida avtomobilga o‘rnatilgan bomba portlatilgan. Portlashdan keyingi otishmada 12 jangari halok bo‘lgani ta’kidlangan.
Pokiston tolibonlarining “Tahreek-e-Jihad Pakistan” guruhi mazkur hujum uchun javobgarlikni zimmasiga oldi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari o‘sha kuni shu muzofotda yana bir terror hujumi kuzatilgani xususida ham yozgan. Ma’lum qilinishicha, mototsiklga o‘rnatilgan bomba portlab, ikki inson hayotdan ko‘z yumgan, 17 kishi yaralangan. Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan, Pokistonning eng notinch mintaqasi hisoblanadigan Xayber Paxtunxva muzofotida tez-tez terror hujumlari, “Tahreek-e-Jihad Pakistan” bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turadi.
S.Rahimov, O‘zA