Janubiy Koreyada Tibbiyot talabalari kvotasi oshirilishi shifokorlar noroziligini kuchaytirishi mumkin (+video)
Xorij xabarlari dasturida bugun dunyoning turli nuqtalaridagi muhim voqealar jamlandi — Braziliyada sayyohlar kemasi fojiali tarzda cho‘kib qurbonlar qayd etildi, AQSHda Jeffri Epshteyn ishi bilan bog‘liq shov-shuvli hujjatlar ochiqlandi, Ukrainada sobiq vazir korrupsiya gumoni bilan hibsga olindi, Isroil va G‘azo atrofidagi harbiy keskinlik yana qurbonlarga sabab bo‘ldi, Xitoy Rossiya neftiga talabni keskin oshirdi, Keniyada aeroport ish tashlashi parvozlarni izdan chiqardi, Janubiy Koreyada esa tibbiyot kvotalari bo‘yicha qaror shifokorlar noroziligini kuchaytirishi kutilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mIhdotWIpa8" title="Koreyada Tibbiyot talabalari kvotasi oshirilishi shifokorlar noroziligini kuchaytirishi mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Braziliyada sayyohlar kemasi cho‘kib, ikki kishi halok bo‘ldi
Braziliyaning Amazonka havzasida, Manaus yaqinidagi mashhur Suvlar uchrashuvi hududida sayyohlar kemasi safar boshlanganidan bir necha daqiqa o‘tib cho‘kib ketdi. Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, yetti nafar yo‘lovchi bedarak yo‘qoldi, 70 dan ortiq odam qutqarildi, kema kapitani esa ehtiyotsizlikda gumonlanib hibsga olinib, keyinchalik garov evaziga ozod qilingan.
Tramp, Obama va Klinton Epshteyn hujjatlarida tilga olindi
AQSHda jinsiy jinoyatlarda ayblangan moliyachi Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq hujjatlarda 300 dan ortiq mashhur shaxslar nomi qayd etildi, ular orasida Donald Tramp, Barak Obama hamda Bill Klinton bor. Rasmiylar ismlarning tilga olinishi noqonuniy aloqani anglatmasligini, hujjatlar esa yuzlab yuristlar tomonidan ko‘rib chiqilgan millionlab sahifalarni o‘z ichiga olishini ta’kidladi.
Ukrainada sobiq energetika vaziri mamlakatdan chiqishda hibsga olindi
Ukraina sobiq energetika vaziri German Galushchenko mamlakatni tark etishga uringan paytda qo‘lga olindi. U 100 million dollarlik korrupsiya sxemasiga aloqadorlikda gumonlanib, davlat kompaniyalari bilan bog‘liq shartnomalardan tizimli pora olishda ayblanmoqda.
Isroil zarbalari oqibatida G‘azoda kamida 11 kishi halok bo‘ldi
Isroil harbiy-havo kuchlari G‘azo sektorining turli hududlariga zarba berib, ko‘chirilgan oilalar yashayotgan lagerlar va aholi punktlarini nishonga oldi. Hujumlar natijasida kamida 11 falastinlik halok bo‘ldi, Isroil tomoni esa zarbalarni HAMAS harakatlariga javob chorasi sifatida izohladi.
Xitoy Rossiyadan neft importini fevralda rekord darajaga chiqarishi mumkin
Fevral oyida Xitoyning Rossiyadan neft importi kuniga 2 million barreldan oshib, tarixiy rekord darajaga yetishi kutilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, bu holat boshqa xaridorlar hajmni qisqartirgani fonida Pekinning Rossiya neftiga bo‘lgan talabni keskin oshirgani bilan bog‘liq.
Nayrobidagi xalqaro aeroport ish tashlashi sabab reyslar to‘xtadi
Keniya poytaxtidagi Jomo Kenyatta xalqaro aeroportida xodimlar ish tashlashi tufayli ko‘plab ichki va xalqaro parvozlar bekor qilindi yoki kechiktirildi. Norozilik maoshlarning kechikishi va ish sharoitlarining yomonligi bilan izohlanmoqda, minglab yo‘lovchilar esa yo‘lda qolib ketdi.
Janubiy Koreyada tibbiyot kvotasi oshirilishi shifokorlar noroziligini kuchaytirishi mumkin
Janubiy Koreya hukumati tibbiyot yo‘nalishiga qabul kvotasini 2027-yilgacha 16 foizga oshirish rejasini tasdiqladi. Rasmiylar bu qarorni shifokorlar yetishmovchiligini kamaytirish bilan izohlasa, kasaba uyushmalari sifat pasayishi va ish yukining ortishidan xavotir bildirmoqda.
Nozimbek Mardonov, Yoqub Meliboyev O‘zA