Obodlik hamjihatlikdan boshlanadi
Surxondaryo viloyatida ko‘klam bo‘y ko‘rsatib,C, tevarak-atrofni obodonlashtirish va dala yumushlari boshlandi.
Bandixon tumanida ham “Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” shiori ostida hashar bo‘lib o‘tmoqda.
Bahorga peshvoz chiqayotgan bandixonliklar ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, mahalla-kuy va ko‘chalarni tartibga keltirib, obodonlashtirishni, tomorqalarni ekin ekishga tayyorlash kabi yumushlarni uyushqoqlik bilan amalga oshirmoqda. Yo‘llar atrofi va jamoat joylari tozalanib, mahallalar, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari hududlari tartibga keltirilayotir. Turli daraxt ko‘chatlari ekilib, mavjud yashil hududlar parvarish qilinmoqda.


Hashar doirasida nuroniylar Birdamlik mahallasida xonadonma-xonadon yurib, aholi o‘rtasida tomorqa madaniyatini shakllantirish, yer maydonlaridan unumli foydalanish va bahorgi ekinlarni o‘z vaqtida ekish yuzasidan targ‘ibot tadbirlarini ham boshlab yubordi. Mahalla aholisi Mardlik ko‘chasining chuqurlik hosil bo‘lgan qismini hashar yo‘li bilan ta’mirlashga kirishdi.


Tumanda nuroniylar aholini birlashtirib, ularni mahalla, ko‘cha va xonadonlarni obodonlashtirishga jalb etayotgani, homiylar doshqozonlarda osh pishirib, hasharchilarga tarqatayotgani, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” Navro‘zini milliy qadriyatlarimizga xos udumlar bilan qarshi olishga hozirlik ko‘rayotgani e’tiborga sazovor bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA